Shukur qilish har bir millat va dinga xos qadriyat


Shukronalik kuni: tarixga nazar

AQShda har yil noyabr oyining oxirgi payshanbasi, ya’ni bugun, o’ziga xos bir bayram. Uni oddiy qilib, “Shukronalik kuni” deyishadi. An’ana tarixi XVII asrga borib taqaladi.

Amerika diyoriga kelgan ilk yevropaliklar yangi zaminda yetishtirgan birinchi hosilni olar ekan, xudoga va momo yerga rahmat aytadi; baraka va tinchlik-xotirjamlik tilaydi.

O’shandan beri shukronalik kunida Amerika oilalarida katta dasturxon yoziladi.

Asosiy taom – kurka, Shimoliy Amerika xalqlari sevib yeydigan go’sht. Ushbu bayram din yoki elat tanlamaydi.

Amerikada yashayapsizmi, demak, sizdan ham shukur qilish, do’stu-birodarlar bilan bir burda noningizni baham ko’rish kutiladi.

Dunyoda til borki, “rahmat” degan so’zga ega. Xudoga shukur qilish esa har bir dinga xos qadriyat.

Shukur qilish har bir dinga xos odat

Nyu-York yahudiylari yetakchilaridan Maykl Strassfeld fikricha, inson har kuni yorug’lik va go’zallikda o’tgani, hayot ne’matlaridan bahramand bo’lgani uchun ham xudoga rahmatlar aytib yashashi kerak.

Odatda inson boshiga kulfat tushgandagina xudoni eslab qoladi, deydi ravvin:

“O’lim haq deyishadi. Shu sabab bo’lsa kerak, o’tganlarni duo qilib, tiriklarga umr tilaymiz va hayotligimiz uchun xudoga shukur aytamiz.”

Nasroniylar ham shuni ta’kidlaydi. Injilda yozilishica shukuronalik bu ezgulikdir. Ko’rsatilgan iltifot yoki yog’ilgan nazarga qaytarilgan javob.

Ruhoniy Jeyms Kovalskiy Iso Masih hikoyasini eslaydi:

“Payg’ambar bir necha odamni davolasa-da, unga rahmat aytish uchun faqat bir inson qaytib keladi. Shunda Iso Masih seni tashakkur aytishing nafaqat jisming balki ruhing ham shifo topganidan dalildir, deydi”.

Islomda ham Olloh - shukronalik va rag’bat manbaidir. Ollohni bejiz “ra’ziyaalloh” - rizolik ilohi deyishmaydi. Shayx Farixaning aytishicha, islom ta’limoti har soniya shukur qilishni targ’ib qiladi.

“Shukur qiling, Ollohga intiling, shunda dunyo ham sokinroq bo’ladi”, - deydi shayx.

“Qur’onga bir mo’jiza manbai sifatida qarashadi. Unda keltirilgan har bir voqelik tagida butun olam, unsir-u jinslar sohibi Ollohga hamd-sano keltiriladi. Quyosh, Oy, yulduzlar borki, o’z yaralish manbaidan minnatdor. Ana shu shukronalik esa hayot davom etishi uchun asosdir. Inson tug’ilishidan boshlab to qabrgacha shukronalik ruhi bilan yashasa, yuragida yovuzlik bo’lmaydi. Bu esa dunyoni hozirda mavjud xunrezlik va zo’ravonliklardan xoli saqlagan bo’lardi. Sabab yaratgan tangri shukronalik evaziga rag’bat beradi”, - deydi shayx Farixa.

Buddistlar esa “reinkarnatsiya”ga ishonadi, ya’ni ruhlarning ko’chib yurishiga. Buddistlar har bir ruh, vaqti kelib bir marta bo’lsa ham ona timsolida kelishini aytadi.

Shu sabab kim bo’lishidan qat’iy nazar bir-birimizga oqibatli bo’lib, shukur aytishni kanda qilmaylik, deydi ular.

Dunyoda ko’p xalqlar Hosil bayramini nishonlaydi. Shu jumladan, Amerika tub aholisi bo’lmish hindu qabilalari ham. Har yil kuzda ona yer to’qchilik va to’kin-sochinlik uchun minnatdorchilik bildiriladi.

Amerikada Shukronalik bayrami – dam olish kuni. Biror sabab tufayli bir-biridan uzoqlashgan oilalar bayram bahona katta dasturxon atrofiga yig’iladi.

Vashington markazida gavjum bir oshxona bor…

Ko’p shaharlardagi restoran va mehmonxonalarda isrofgarchilik tabiiy hol. Lekin ayrim tadbirkorlar mahsulotni uvol qilmay, muhtojlarga tarqatish yo’lini topgan.

Vashington markazida gavjum bir oshxona (DC Central Kitchen) bor. Uni Robert Egger ismli usta tadbirkor boshqaradi. Kunda taxminan ikki tonna oziq-ovqat tayyorlanib, muhtoj oilalar, kasalxona va qariyalar uylariga tarqatiladi.

Robert Egger bu oshxonani 20 yil oldin ochgan. O’sha paytlar tungi klub boshlig’i edi.

“Restoranlarda har kuni bir dunyo ovqat ortib qoladi. Bekorga uvol bo’ladi. Shu mahsulotni yo’qsillargatarqatish mumkin-ku”, -deydi u.

Pokiza, toza, biroq ortib qolgan meva-cheva, sabzavot va go’shtdan turli taomlar tayyorlaymiz, deydi Robert.

“Shaharning turli burchaklarida joylashgan restoran, mehmonxona, kasalxona, universitetlarga borib, oshiqcha oziq-ovqatni muzlatgichga ortib, oshxonamizga olib kelamiz”, - deya tushuntiradi Robert Egger.

Oshxona qoshida pishir-kuydirni o’rganaman, deydiganlar uchun kurslar bor. Ish izlab yurgan odamlar, yoshlar, keksalar kelib, hunarli bolib ketadi. O’qishdan bo’sh paytida talabalar ham oshxonaga yordam beradi.

Ikki qizning otasi - Maykl Rob avval qoradori sotib kun ko’rar edi. Oshpazlikni hunar qilganiga ikki yil bo’libdi. “Binoyidek kasbim bor”,- deydi u.

Oshxonada ko’ngilli ishchilar – yoshlar juda ko’p. Robert Egger “oshxonamiz no-tijoriy muassasa” deydi. Xayriya evaziga ishlaydi. Internetda va jamoat orasida targ’ibot ishlari olib boriladi. Tashkilot doimiy homiylarga ega.

Ular asosan xususiy kompaniyalar, supermarketlar va boy-badavlat amerikaliklar. Tushgan pul oshxonaning doimiy xodimlari va turli xizmatlar uchun sarflanadi.

Oshxona grantlarga tayanadi. Masalan, Jahon Banki va boshqa moliyaviy tashkilotlardan mablag’ oladi.

XS
SM
MD
LG