Harbiylar Mumbay mehmonxonalarida nazoratni qo'lga oldi


Hindiston xavfsizlik kuchlari ikki mehmonxonani to'liq nazorat ostiga olgan. Mamlakat tarixida eng uzoq davom etgan terror operatsiyasi qariyb 200 kishini hayotdan olib ketdi, 300 dan ziyodi jarohat olgan. O’lganlar orasida chet ellik 22 fuqaro ham bor.

Hindiston maxsus kuchlari hashamatli Toj Mahal mehmonxonasida o’rnashib olgan jangarilar o’ldirilgani va ayrimlari qo’lga olinganini ma’lum qilmoqda. Terrorchilarni siqib chiqarish uchun ayrim xonalarga o’t qo’yilgan, asosan granatalar qo’llangan.

O’zini Dekkan Mujohiddin deb tanishtirgan noma’lum guruh Toj Mahal va chet ellik sayyohlar bilan gavjum Oberoy mehmonxonasi hamda yahudiylar markazida o’rnashib olib, 3 kun davomida kuchli qarshilik ko’rsatdi.

Ular asosan AQSh va Britaniya fuqarolarini qidirgani ma’lum. Rasmiy Dehli nazarida guruh xurujni qo’shni Pokistondan turib rejalagan.

Hindiston xavfsizlik idorasi rahbari J. K. Dattning aytishicha, “harbiy bo’linmalar har ikki mehmonxonada jangarilar yo’q qilinganiga ishonch hosil qilish uchun yuzlab xonalarni tekshirmoqda. Chorshanba kunidan beri xonasida yashirinib, jon saqlayotgan mehmonlarni chiqishga ko’ndirish kerak”, - deydi u.

Rasmiylarga ko’ra qatliom oqibatlariga baho berish uchun bir necha kun vaqt kerak bo’ladi. Shunisi aniqki, xurujlarda qariyb 200 kishi o’lgan. Jumladan AQSh, Germaniya, Avstraliya, Kanada, Yaponiya va Fransiya fuqarolari.

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy xuruj uning mamlakatida panoh topgan terrorchilarning ishi degan ayblovlarni rad etmoqda.

“Aybni terrorchilardan o’zi aziyat chekayotgan Pokistonga to’nkash noto’g’ri”, - deydi u.

G’iloniy Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Singx bilan telefon orqali gaplashgan. Uning aytishicha voqeani taftish qilish uchun qo’shni davlatga razvedka rahbari safarbar etiladi.

Rasmiy Dehli Mumbaydagi xurujlarda Al-Qoidaga aloqador ikki guruh, Jaish-e Muhammad hamda Lashkar-e Toibani gumon qilmoqda.

XS
SM
MD
LG