AQSh Mumbaydagi terror xurujini tergov qilishga yordam beradi


Mumbay shahridagi qonli hujumlar ketidan, Hindiston aksil-terror tuzilmalarini kengaytirish hamda yangi federal tergov agentligi tuzishga qaror qilgan.

Hukumatga nisbatan tanqidlar kuchayar ekan, qator rasmiylar, jumladan davlat xavfsizligi vaziri Shivraj Patil va Maxarashtra shtati rahbari Vilasrao Deshmux ishdan ketgan. Qariyb 200 kishini hayotdan olib ketgan hujumlar Pokistonda rejalangani haqidagi da’volar tobora balandroq yangramoqda.

Rasmiy Dehli nazarida Mumbaydagi xurujlar Pokistonda panoh topgan terrorchilarning ishi. Pokiston rasmiylari ayblov asossiz demoqda.

Hindistonga safar qilishni rejalayotgan AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays fikricha shoshilinch xulosa chiqarmaslik kerak. Muhimi, Pokiston voqeani tergov qilishda qo’shni davlat bilan to’liq hamkorlik qilsin, deydi u.

Oq uyning bildirishicha, prezident Jorj Bush Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Singx bilan muntazam aloqada. Amerikalik tergovchilar guruhi Dehliga tashrif buyurgan. Bushning aytishicha, AQSh xuruj ortida turganlarni qidirib topish uchun yordamini ayamaydi.

O’zini Dekkan Mujohiddin deb tanishtirgan guruh Mumbayda kamida 10 manzilga hujum qilgan. O’lganlar orasida xorij fuqarolari, jumladan 6 amerikalik bor. Hindistondagi voqealar rivoji AQSh televideniye va matbuot sahifalaridan tushmay kelmoqda.

AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi Richard Lugarning aytishicha gumon va ayblovlar tufayli Dehli-Islomobod orasi yana buzilsa ajabmas.

"Xurujlarni amalga oshirgan guruh har ikki tomonga ziyon yetkazishi mumkin. O’rtadagi keskinlikni yumshatish uchun, hoziroq diplomatik harakatni boshlash lozim", - deydi Lugar

Demokrat senator Jek Rid fikricha rasmiy Dehli qo’shni davlatdan jangari guruhlarga qarshi kuchli chora ko’rishni istaydi. Osif Ali Zardariy hukumati bu masala bilan jiddiy shug’ullanayotganini namoyish etishi kerak.

Pokiston Mumbay xurujini qattiq qoralagan, deydi bu mamlakatning AQShdagi elchisi Husayn Haqqoniy. O’sha dushman Pokistonga ham hujum qilgan.

"Uni faqat hamkorlikda yengish mumkin", - deydi elchi.

XS
SM
MD
LG