Lora Bush: AQSh Afg'onistonni yakka tashlab qo'ymaydi


1 dekabr dushanba kuni, Afg’oniston janubidagi Musa Qala shahrida bir kishi o’zini portlatib, atrofdagi 10 kishini o’ldirgan. 27 kishi jarohat olgan.

G’azni shahrida esa qurollangan shaxslar Andar tumani hokimi Abdul Rahim Desevalni otib tashlagan. Hujumni Tolibon amalga oshirgani ma’lum.

AQSh prezidenti rafiqasi Lora Bush deydiki Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni yakka tashlab qo’ymaydi.

Amerikada prezidentlar rafiqasi odatda biror ijtimoiy masalani olg’a suradi, xoh Amerikaning o’zida bo’lsin, xoh rivojlanayotgan davlatlarda.

Oq uy bekasi Lora Bush 2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan keyin Afg’onistonda xotin-qizlar huquqi, ular uchun imkoniyatlar yaratish, maorif va savodxonlik masalalariga e’tiborni jalb qilib keladi.

So’nggi 7 yil mobaynida Afg’onistonda qiz-juvonlar manfaatini ko’zlovchi qator dasturlar yo’lga qo’yildi. Ta’lim eng muhim masala, biroq ota-onalar hamon farzandini maktabga yuborishga qo’rqadi.

Lora Bush Tolibon ayniqsa o’quvchi qizlarga nisbatan ayovsiz ekani, yaqinda Qandahor viloyatida maktabga borayotgan bir guruh o’quvchilar yuziga kislota sepilgani kabi hodisalarni afsus bilan tilga oladi.

"Afg’oniston xalqining aksariyati farovon mamlakatda, terror xurujlaridan xoli erkin jamiyatda tinch-osoyishta hayot kechirishni istaydi. Biz ularga tayanch bo’lishimiz zarur", - deydi Lora Bush.

Afg’onistonning AQShdagi elchisi Said Javodning aytichiah uning mamlakati xalqaro hamjamiyatning uzoq muddatli ko’magiga muhtoj.

"Afg’onistonda oddiy odamlarni himoya bilan ta’minlash uchun ko’proq resurslar zarur. Zo’ravonlik, qashshoqlik avj olgan hududlar, odatda tolibon o’ljasiga aylanadi", - deydi elchi.

Hukumat va Toliblar o’rtasida tinchlik muzokaralari haqida gapirar ekan, maqsad deydi Said Javod, xunrezlikka chek qo’yish. Uning aytishicha, Karzay hukumati Tolibon bilan hokimiyatni bo’lishmoqchi emas.

XS
SM
MD
LG