O'zbekiston-Rossiya aloqalari rasmiy darajada rivojlanmoqda xolos


O'zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiyaning Vatandoshlar bilan ishlash federal agentligi rahbari Farit Muxammetshinni qabul qilib, O'zbekiston - Rossiya aloqalari borasida iliq gaplar aytgan.

Sharhlovchilar nazarida ham so’nggi yillarda ikki davlat munosabatlari tez suratlarda rivojlangan, ammo bu jarayon faqat hukumat darajasida kuzatilgan.

Rossiyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi Farit Muxammetshinga yaqinda MDH davlatlari bo'yicha maxsus vakili vakolati ham berildi.

Farit Muxammetshin, tajribali diplomat, Rossiya-O'zbekiston aloqalarining ittifoqchilik darajasiga ko'tarilishi, ikki o'rtadagi iqtisodiy aloqalar hajmini oshishida katta hissa qo'shgan arbob sifatida tilga olinadi.

Tahlilchilarga ko'ra, O'zbekiston - Rossiya ittifoqchiligi hukumatlar manfaatiga asoslanadi. Xalqlar o'rtasidagi munosabatlarda esa ziddiyatlar kuchaygan. Rossiyada o`zbekistonlik muhojirlarga bo'lgan munosabat keskinlashib bormoqda. Bu masalani bartaraf etish yuzasidan rasmiy muzokaralar kuzatilmaydi.

Sharhlovchi Bahodir Musayevga ko'ra, Rossiya MDH davlatlari bilan munosabatda "imperiyacha" siyosatga barham bermas ekan, Kreml bilan aloqalar xatarli bo'lib qolaveradi.

Unga ko'ra, hukumatdagi doiralar manfaatiga qurilgan Rossiya - O'zbekiston munosabati oddiy fuqarolar huquqlarini keskin buzilishi bilan kuzatiladi.

“Kreml e'lon qilgan vatandoshlar dasturiga ko'ra, qancha ruslar tarixiy vataniga ketishdi. Biroq u yerdagi qo'pol munosabat bois ko'pchiligi yana O'zbekistonga qaytishga majbur bo'ldi. Yoki Rossiyada mehnat muhojirlariga nisbatan avjiga chiqqan ashaddiy millatchilik munosabatini oling. Millatchilik Rossiyda siyosiy doiralar qo'llayotgan g'oyaga aylanmoqda ”, - deydi Bahodir Musayev.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganovga ko'ra, Rossiyada “Kim biz bilan emas ekan, kim bizga qarshi” shiori ostida yangi siyosat shakllanmoqda.

“Bunday siyosat xalqlar o'rtasidagi yoki Rossiyadagi vatandoshlarmizga nisbatan munosabat o'zgarishiga xizmat qilmaydi. O'zbekistonda ham shunday siyosat mavjud deyish mumkin. Bundan tashqari Rossiya ko'p millatli va turli din vakillari yashayotgan mamlakat. Hukumat miqyosidagi tadbirlar esa asosan pravoslav dini ustunligini ta'minlashga qaratilmoqda”, - deydi Iskandar Xudoberganov.

O'zbekistonni Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatidan chiqishi faqat Kremlga tayangan tashqi siyosatdan voz kechish sifatida talqin qilinmoqda.

Rossiya O'zbekistonning eng yirik iqtisodiy hamkori. Tashqi savdoga kelganda, O`zbekiston Rossiya bilan eng keng aloqaga ega.

Bundan tashqari o'zbekistonlik minglab mehnat muhojirlari Rossiyadan ish topmoqda va bu ko'plab o'zbekistonliklar uchun asosiy daromad manbai bo'lib kelmoqda.

Moliyaviy inqiroz bois hozir Rossiya jamoatchiligida mehnat muhojirlarini mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi muhokama qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG