Breaking News

Xillari Klinton - davlat kotibi lavozimiga nomzod


AQShning yangi prezidenti etib saylangan Barak Obamaning aytishicha, senator Xillari Klinton davlat kotibi lavozimini egallashga munosib arbob.

Obamaning aytishicha, yangi ma'muriyat yordamida Qo'shma Shtatlar tobora ko'proq mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytiradi.

"Amerika demokratiya mash'alasini jahonga yoyishda davom etadi", deydi Obama.

Klinton Demokratik partiya ichidagi saylovlarda Obamaning ashaddiy raqibi bo'lgan. Nomzodlikni qo'ldan chiqargach esa Obamaning saylanishi uchun qo'ldan kelgancha harakat qildi.

AQShning xorijdagi obro'sini tiklash Klintonga oson bo'lmaydi.

Xillari Klintonning aytishicha, AQSh qadriyatlari va manfaatlarini yolg'iz kuch yordamida targ'ib qilib bo'lmaydi.

"Diplomatiyani ishga solish kerak. Ko'proq do'stlar orttirib, raqiblar sonini kamaytirish zarur."

Xillari Klinton 2006 yilda ikkinchi bor senatorlikka saylangan. Mamlakatni sakkiz yil boshqargan prezident Bill Klintonning rafiqasi.

Sobiq davlat kotibi, respublikachi Jeyms Beykerning aytishicha, Xillari Klintonning davlat kotibi etib tayinlanishi jahon bo'ylab ijobiy qabul qilinadi.

"Muhimi," deydi Beyker, "Klinton Obama siyosatidan chetga chiqmasligi lozim".

Barak Obama mudofaa vazirini yangilamoqchi emas. Bush ma'muriyatida ishlayotgan Robert Geyts o'z o'rnida qoladi.

"Geytsning Kongressda har ikkala partiya qonunchilari ichida obro'si katta, U - pragmatik va layoqatli vazir", deydi Obama.

Geyts Obamaning bu qaroridan mamnun ekanini bildirib, vazifasini sidqidildan bajarishga va'da berdi.

Obama, shuningdek, iste'fodagi general Jim Jounsni davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchi, Arizona shtati gubernatori Janet Napolitanoni ichki ishlar vaziri, Obamaning tashqi aloqalar bo'yicha maslahatchisi Syuzan Raysni BMTga elchi, o'tmishda adliya vazirining o'rinbosari bo'lgan Erik Xolderni esa adliya vaziri va bosh prokuror lavozimlariga ko'rsatmoqda.

Senat tasdig'idan o'tsa, Xolder AQSh tarixidagi ilk qora tanli adliya vaziri bo'ladi.

XS
SM
MD
LG