Xillari Klintonga O'zbekistonda umid bilan qarashmoqda


AQShda prezidentlikka shaylanayotgan Barak Obama sobiq siyosiy raqibi, senator Xillari Klintonni davlat kotibi, ya’ni tashqi ishlar vaziri etib tayinlamoqchi.

Turmush o’r’tog’i Bill Klinton prezidentligi davrida, 1997 yilda O’zbekistonga safar qilgan arbob Markaziy Osyo hayoti bilan tanish.

Ammo Senatning Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasi a’zosi bo’lgan Xillari Klinton so’nggi yillarda mintaqadagi ahvol yuzasidan biror aniq fikr bildirmagan yoki bayonot bermagan.

U Rossiyani tinimsiz tanqid qilib keladi. Kremlni sovetcha siyosatda ayblaydi.

Xillari Klintonning siyosiy faoliyati bilan yaxshi tanish o’zbekistonlik mutaxassislar nazarida xonim davlat kotibi lavozimiga tasdiqlansa, bu O’zbekiston uchun ijobiy yangilik bo’ladi. Aloqalarda siljish kuzatiladi, deydi sharhlovchilar.

Xillari Klinton O’zbekistonga tashrifi davomida rasmiylar, jumladan, prezident Islom Karimov bilan ham uchrashgan; Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti talabalari, nodavlat tashkilot vakillari bilan muloqot qilgan edi.

Klintonning farzand tarbiyasiga oid kitobi tarjimon Fahriddin Nizomov tomonidan o’zbek tiliga o’girilgan va “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” nomi ostida bosmadan chiqqan edi.
Kitob xonimning mamlakatga tashrifi chog’ida unga taqdim qilingan.

Fahriddin Nizomov fikricha, Klinton xonimning davlat kotibi etib tasdiqlanishi O’zbekiston bilan aloqalarga ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

“Birinchidan, hozir Andijon voqelaridan so’ng sovuqlashib ketgan AQSh-O’zbekiston aloqalarida iliqlik kuzatilayapti. Ikkinchidan, Xillari Klinton boshqa siyosatchilardan farqli O’zbekiston bilan bevosita tanish. Qolaversa, saylangan prezident Barak Obama Afg’onistonda barqarorlik o’rnatilishiga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda. AQSh bilan munosabatlar rivojidan umidvor O’zbekiston, birinchi navbatda, xavfsizlik masalasi hal etilishini, suv-dengizga chiqish uchun imkoniyat yaratilishini, sarmoyalar oqimi kuchayib, iqtisodiyot rivojlanishini kutmoqda”, - deydi Fahriddin Nizomov.

Sharhlovchi Bahodir Musayevning aytishicha, AQSh yangi ma’muriyatida mudofaa vaziri Robert Geyts o’z lavozimini saqlab qolmoqda. Bu mudofaa nuqtai-nazaridan mintaqaga nisbatan hamkorlikda Bush davridagi pozitsiya saqlanib qolishidan darak beradi.

Davlat kotibi etib Xillari Klinton tayinlansa, O`zbekiston bilan munosabatlarda demokratik talab-shartlar oldingi planga chiqishi mumkin.

“Xillari Klinton demokratlar partiyasidan. AQShda demokratlar hukmron bo`lgan davrda O`zbekiston bilan aloqalarni eslang. Yangi ma`muriyat mintaqada xavfsizlik qaror topishi uchun mamlakat ichkarisida demokratik o`zgarishlar ro’y berishi kerak, degan mazmunda ish tutadi”, - deydi sharhlovchi Bahodir Musayev.

Ayrimlar nazarida Barak Obama Afg’oniston masalasini ustuvor vazifa deb belgiladimi, demak, O’zbekiston bilan ham munosabatlar rivojlanishiga umid bor. Biroq bu munosabatlar fonida O`zbekistonda huquqiy, demokratik o`zgarish kuzatilishi gumon, deydi ular.

XS
SM
MD
LG