Breaking News

Rahbariyat o'zgarishi qaltis va murakkab jarayon


Davlat rahbari o’zgarishi, boshqa jamiyatlarda bo’lgani kabi, Amerikada ham katta bir siyosiy tantana.

Hokimiyat bir kishining qo’lidan boshqasiga o’tar ekan, idorama-idora, vazirlikma-vazirlik, davlatning har bir bo’g’ini o’ziga xos o’zgarishni boshdan kechiradi.

O’tish davri qanchalik silliq kechsa, yangi ma’muriyat ham shunchalik tez ishga kirishadi. Afsuski, bunga har doim ham guvoh bo’lavermaymiz.

Zamon o’tar, prezidentlar yangilanar, xalq hamisha umidlar og’ushida yashar ekan, hokimiyatning yangilanishi har bir jamiyatda ko’tarinki ruh bilan qabul qilinadi. Lekin o’zgarishlar oson kechmaydi.

Barak Obama 20 yanvarda prezidentlik qasamyodini keltiradi. Biroq ungacha u tanlagan rasmiylar hukumatning barcha tizimlari bilan tanishib chiqqan, vaziyatni qo’lga olgan bo’ladi. Saylov o’tib, g’olib aniqlanishi bilanoq muddati bitayotgan prezident yangi saylangan rahbarni vaziyat bilan izchil tanishtira boshlaydi.

Partiyalararo nifoq va dushmanlikka o’rin yo’q. Xalq va davlat manfaati hamma narsadan ustun. Al From Bill Klintonning prezident sifatida ish boshlaganini tasvirlaydi:

“Bizning xizmatimiz bitdi. Mana sizga Oy Uyning kaliti. Bilganingizni qiling deb yuz o’girib keta olmaysiz. Klinton Oq Uyga kelgan 1992 yil hamon ko’z o’ngimda. Hukumat faoliyati to’xtab qolmagan”.

2000 yilda esa demokrat Klinton hokimiyatni respublikachi Jorj Bushga topshirgan. O’sha yilgi saylovlar tarixdagi eng mashmashali voqealardan biri bo’lgan. Uzoq tortishuv ketidan demokrat Al Gor, Oliy Sud hukmiga ko’ra, prezidentlikni Bushga boy berganini tan olib, o’tish davri boshlangan. Vaqt oz bo’lsa-da, bu jarayon samarali va jiddiy xatolarsiz kechgan.

AQSh hukumat tizimi shu qadar murakkabki, uning barcha jabhalarini yangi rahbariyatga to’g’ri topshirish uchun yuzlab xizmatchi jalb qilinadi. Klinton ma’muriyatida ishlagan Mak Maklarti buni yaxshi biladi.

“Hukumatda nima ko’p – bo’lim. Ularning har biri nima bilan band? Mudofaa, adliya, tijorat… Jamiki vazirlik va agentliklar yangi rahbarlar qo’liga o’tadi. Fazoviy tadqiqotlar agentligidan tortib, ilm-fan va san’at bilan bog’liq boshqa tashkilot va muassasalar… Eng muhimi, odamlar orasidagi aloqa. Kuchli professionalizm",- deydi u.

Pol Maknalti 1992 va 2000 yillarda AQSh Adliya vazirligidagi yangilanishlarga bosh-qosh bo’lgan. Gap tashkiliy ishlarni eplay olishda, deydi u. Eski rahbar bitira olmagan ishlar, siyosat tushuntiriladi.

“O’tish davrida Adliya vazirligida o’nlab mutasaddilar turli hisobotlar tayyorlab, yangi rahbar tanlagan kishilarga erishilgan yutuq va bitmagan ishlar haqida axborot beradi. Byudjet, kelajak rejalar, muammo va yechimlar haqida aytib berishga to’g’ri keladi. Toki yangi xodimlar bugungi vaziyat yuzasidan aniq bir tasavvurga ega bo’lsin. O’z dasturini qanday moslashtirish haqida o’ylay bilsin. Aks holda orada uzilish bo’ladi va natijada xalq ozor chekadi",- deydi Maknalti.

Yangi prezident qasamyod qilganidan keyin, tamom endi, hamma narsa yangi deya olmaysiz. Ba’zida yangi rahbar va uning ma’muriyati biror bir samarali ish qila olgunicha bir yil vaqt o’tadi. Siyosatni tuzish va amalga oshirish oson emas, deydi tahlilchi Klay Jonson.

“AQShda yangi hukumat dam olishsiz, haftasiga yetti kun, kuniga 24 soat ishlaydi desak xato qilmaymiz. Ayniqsa, yangi prezidentning Oq Uydagi birinchi 3 oyi juda qiyin bir davr. Ayrim hollarda undan ham cho’ziladi. Boshqaruv o’yinchoq emas”,- deydi Jonson.

XS
SM
MD
LG