Yevropa Barak Obamadan qanday o'zgarishlar kutmoqda?


Barak Obama mamlakat boshqaruvini qo’lga olgach talaygina muammolar bilan yuzlashadi.

Moliyaviy inqiroz, Iroq va Afg’onistondagi urushlar, Rossiya bilan munosabatlar hamda AQSh-Yevropa aloqalari.

Obama ma’muriyati so’nggi masalaga qanday yondashadi? Yevropa bilan aloqalar hozirdan bashorat qilinayotganidek silliq bo’ladimi?

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Charlz Kupchanning aytishicha, Jorj Bushning sakkiz yillik boshqaruvi davrida Yevropa bilan aloqalarda ziddiyat, uzilish ko'p kuzatilgan.

Ayni damda qit’a rahbarlari Barak Obamaning rasman ish boshlashini kutmoqda.

“Bush prezidentligining ilk yillarida Iroq urushi aloqalarning sovuqlashishiga olib keldi. Ikkinchi muddatga kelib Bush Yevropa bilan til topisha oldi. Kosovo, Gruziya va moliyaviy inqiroz masalalarida tomonlar yaqindan hamkorlik qildi”, - deydi Kupchan.

Shunga qaramay Jorj Bushning Yevropada obro’si past. Bunga Bushning bir tomonlama siyosati sabab qilib ko’rsatilmoqda.

AQShdagi saylovlar paytida Yevropa rahbarlarining aksariyati Obamaning saylanishini istagan. 24 iyul kuni Berlinda nutq so’zlaganida, Obamani tinglash uchun 200 ming kishi to’plangan edi.

Amerika va Yevropa o’rtasida kelishmovchiliklar bor, bundan keyin ham bo’ladi, deydi Obama. Jahondagi muammolar hamkorlikda ish ko’rishimizni taqozo etadi. O’zaro hamkorlik xavfsizligimizni ta’minlashning yagona yo’lidir, deydi u.

Obamaning aytishicha, Amerika Yevropadan yaxshiroq hamkor topa olmaydi.

“Taraqqiyot va diplomatiya borasida birga ish olib borish, tinchlik va farovonlik yo’lidagi muammolarni birgalikda hal qilish zarur. Buning uchun bir-birini yaxshi tushunadigan, bir-biriga ishonadigan ittifoqchilar bo’lishi zarur,” – deydi Obama.

Vashingtondagi Yevropa siyosatini tahlil qiluvchi markaz xodimi Vess Mitchell deydiki, yevropaliklar nazarida Obama va Bush bir-biridan tubdan farq qiladi.

Ular Obamani ichki va tashqi siyosatda o’ziga maslakdosh, juda faol, ko’p qirrali siyosat targ’ibotchisi deb biladi. Yevropaliklarning Obama ma’muriyati haqida tasavvuri ana shunday, deydi Mitchell.

Tahlilchi Charlz Kupchan Obamaga nisbatan ijobiy munosabat negizida yana bir sabab bor deydi.

“Yosh, qora tanli amerikalikning prezidentlikka saylanishi Amerikaning chindan ham xilma-xil madaniyatlar va etnik guruhlar uyg’unlashgan markaz ekanini isbotladi. Yevropaning o’zi ham shunday bo’lishni istaydiyu, ammo hali-beri bunga erisholmasa kerak, chunki qit’adagi oz sonli etnik guruhlar bilan aloqalari yaxshi emas”, - deydi Charlz Kupchan.

Mutaxassislar fikricha AQSh va Yevropa oldidagi muammolar talaygina. Eronni atom dasturidan qaytarish, agressiv tashqi siyosatga o’tgan Rossiyaga nisbatan chora ko’rish, Gruziya va Ukrainaning NATOga a’zolik masalasi va Sharqiy Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimi rejasi shular jumlasidan.

Afg’onistonda AQSh va NATO qo’shinlari sonini oshirish – yana bir masala. Obama askarlar sonini ko’paytirmoqchi, Yevropada esa bu borada yakdillik yo’q. Oq Uy ma’muriyati qit’a davlatlarini bunga ko’ndirishi kerak bo’ladi.

Germaniya bo’yicha mutaxassis Uilyam Drozdyakning aytishicha, qo’shinlarini Afg’onistonga yuborgan Britaniya, Daniya, Kanada va Niderlandiya kabi NATO a’zolari mas’uliyatning barcha a’zo davlatlar o’rtasida teppa-teng taqsimlanishini istaydi.

Mutaxassislar fikricha, Germaniya parlament saylovlari bo’sag’asida turar ekan, Obama uchun rasmiy Berlinni Afg’onistonga qo’shimcha askar yuborishga ko’ndirish oson bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG