Do'stum Turkiyaga surgunga emas, oilasini ko'rgani ketgan


Afg’onistonlik o’zbeklar sardori, general Abdulrashid Do’stum shu kunlarda Turkiyada.

Ba’zi xabarlarga ko’ra Afg’onistion prezidenti Hamid Karzay bilan chiqisha olmayotgan Do’stim Turkiyada jon saqlamoqda.

Ammo Turkiyada ta’lim olayotgan afg’onistonlik turkiy yoshlar uyushmasi rahbari Muhammad Fahim Tinmasning aytishicha, general Do’stum Turkiyaga Anqaradagi oilasini ko’rish uchun borgan.

"Bu Do'stumning Turkiyaga ilk safari emas", - deydi Tinmas. Unga ko'ra, o'zbek general bu yerni o'z vatanidek ko'radi.

"Musulmonlar uchun muqaddas sanalmish Qurbon hayiti bayrami yaqinlashmoqda. Shu sabab Do'stum oilasining oldiga kelgan. Bayram o'tgach Afg'onistonga qaytishi muqarrar", - deydi Tinmas.

General Do'stum nega Hamid Karzay ma'muriyati bilan chiqisha olmayapti?

Muhammad Tinmas nazarida Do'stum Afg'onistonda o'zbeklar manfaati uchun kurashmoqda.

"O'z partiyadosh va tarafdorlarini hukumat organlarida munosib o'ringa ega bo'lishini istaydi. Oradagi adovatga chek qo'yib, xalqlar orasida totuvlik va hamjihatlik bo'lishini targ'ib qilmoqda", - deydi Tinmas.

Afg'onistonda o'zbeklar sovet istilosi va tolibon harakatiga qarshi turib kelgan. Shunday ekan, yetakchilar o'z millatdoshlarini Afg'onistonni qayta tiklash jarayonlariga yaqindan jalb qilishni istaydi. Hukumat lavozimlariga va parlamentga ular orasidan ko'proq vakil tayinlashini xohlaydi.

"General Do'stumning armiyasi Tolibonga qaqshatqich zarba bera olgani uchun ham bu harakat shimolni qo'lga ololmagan", - deydi Muhammad Tinmas.

Ayni damda Afg'oniston bo'ylab yashayotgan tojiklar, o'zbeklar, turkmanlar va hazoralar markaziy hukumatdan norozi. Ularning asosiy shikoyati, deydi turkiy yoshlar uyushmasi rahbari, mamlakatda ijtimoiy adolatning yo'qligida. Mamlakatni pashtunlar boshqarmoqda, qolganlar chetda qolgan, deydi ular.

"Afg'onistonda milliy birlikka ehtiyoj katta. Buni amalga oshirish uchun esa o'sha mayda xalqlarga nisbatan adolatli siyosat olib borilishi lozim. Ayniqsa ijtimoiy sohada. Shundagina mamlakatda umum siyosat, maqsad va hamjihatlik vujudga keladi", - deydi Muhammad Fahim Tinmas.

Abdul Rashid Do'stum shu yilning fevral oyigacha Afg'oniston armiyasi qo'mondoni bo'lib xizmat qilayotgan edi. O'zbeklar orasida nizolar kuzatilgach, Do'stum ular ortida turganlikda ayblangan va ishdan ketgani haqida ma'lumotlar chiqqan edi.

XS
SM
MD
LG