Breaking News

Qo'shma Shtatlar Chingiz Aytmatov ijodiga tahsin aytmoqda


Amerikaning yirik ilmiy maskanlaridan biri - Kongress kutubxonasi qirg'iz adibi, ona tili va rus tilida yozgan bebaho asarlari bilan tanilgan va shu yili abadiyatga kuzatilgan Chingiz Aytmatovni ulug'lab, uni XX asrning ko'zga ko'ringan qalam sohiblaridan biri deya tan oldi.

Buyuk adib ijodiga bag’ishlangan tadbir AQSh poytaxtida Aytmatov vafotidan ancha oldin rejalangan edi. Ammo simpoziumda ishtirok etish unga nasib etmadi.

Ishtirokchilar Chingiz Aytmatov zakovati, talanti oldida bosh egib, uning kamtar inson, oddiy xalq tashvishlari bilan yashagan arbob ekanini ta’kidladi.

AQSh Kongressi kutubxonasida o’tgan simpoziumda Rossiya, Turkiya, O’zbekiston va Qirg’iziston elchilari ham ishtirok etdi.

21 yildan beri kutubxonaga direktorlik qilayotgan Jeyms Billington adibning muxlislaridan. Rus tili va adabiyoti bo’yicha mutaxassis, Chingiz Aytmatov nomidagi oltin medal sohibi. U simpoziumni tashkillashtirishda katta rol o’ynagan.

Aytmatov noyob iste’dod sohibi, deyarli barcha asarlari ingliz tiliga tarjima qilingan bo’lsada, xorijda u qadar tanish emas. Nega, deb so’raymiz Kongress kutubxonasi rahbaridan.

“Aytmatov ‘temir parda’ ortida ijod qilgan. Publitsistika uslubida yozmagan. Olamshumul, ziddiyatli mavzularni ko’tarmagan, ammo shunga qaramay o’zgarishlar, mayda xalqlar madaniyatining faol targ’ibotchisi bo’lgan”, - deydi Jeyms Billington.

Janubiy Alabama universitetida rus adabiyoti professori Jozef Mozurning aytishicha, Chingiz Aytmatov o’z asarlarida Sovet davlatida mahalliy tillarga nisbatan siyosat, Orol dengizining qurishi, mayda xalqlar ekspluatatsiyasi kabi muammolarni ko’tarib chiqqan. Aytmatov [Aleksandr] Soljenitsin yoki [Boris] Pasternak kabi man etilmagan, surgun qilinmagan.

“Aytmatov muammolarni fosh etishda folklordan foydalangan, keyin esa nufuzi ko’tarilgan sari va davlat mukofotiga sazovor bo’lgach, tanqidiy qarashlarini ko’proq bildira boshlagan”, - deydi Jozef Mozur. Hokimiyat tepasiga Mixail Gorbachyov kelgach, Chingiz Aytmatov uning sevimli adibiga aylandi.

Ada Mayo Minnesota universitetida Qirg’iziston dasturini boshqaradi. Chingiz Aytmatov bilan uzoq vaqt tanish bo’lgan.

“1996 yili universitetda adabiyotning tarbiyaviy ahamiyatiga bag’ishlangan anjuman o’tkazgan edik. O’shanda Chingiz Aytmatov tashrif buyurib ma’ruza qilgan edi. U sobiq Sovet respublikalarida fantastik va detektiv janrdagi sayoz romanlar ko’payib ketganidan afsusda edi. Aytmatov adabiyotni ahloqiy qadriyatlar, ma’naviyatni targ’ib qiluvchi vosita deb bilar edi”, - deydi doktor Mayo.

Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Siddiqova Aytmatovni o’z ustozi deb biladi.

“Moskva Davlat universitetida o’qigan paytlarim deyarli barcha ilmiy ishlarimni Aytmatov ijodiga bag’ishlaganman. To’ng’ich o’g’limga uning sharafiga Chingiz deb ism berganman. Aytmatov Qirg’izistonni jahonga tanitishda, davlatchiligini shakllantirishda katta rol o’ynagan va respublikamiz uning ismidan hali uzoq vaqt foydalanadi”, - deydi elchi Siddiqova.

Chingiz Aytmatov shu yil 10 iyunida Germaniyada vafot etdi. 12 dekabr kuni adib 80 yoshini qarshilagan bo’lar edi.

XS
SM
MD
LG