Iroqda ishlagan amerikalik qo'riqchilar sudga tortilmoqda


AQSh Adliya vazirligi besh nafar amerikalikni Iroqda 14 qurolsiz kishini o'ldirib, 20 nafarini yaralaganlikda ayblagan. Ayblanuvchilar Blekuoter Uorldvayd (Blackwater Worldwide) xususiy xavfsizlik kompaniyasida qo'riqchi bo'lib ishlagan.

Hodisa 2007 yil sentyabrida Bag'dodda sodir bo'lgan edi. Amerikalik xavfsizlik xodimlariga oddiy fuqarolarga qarata avtomat, snayper miltig'i va granata ishlatganlik aybi qo'yilmoqda.

Prokuror Patrik Rovanning aytishicha, ushbu sud ishi kelajakda sababsiz kuch ishlatishga nisbatan ogohlantirish bo'ladi.

Blackwater xususiy xavfsizlik kompaniyasi bo'lib, Iroqda ishlayotgan amerikalik diplomatlarni qo'riqlaydi. Kompaniyaga ko'ra, uning xodimlari Davlat departamenti vakillarini qo'riqlayotib jangarilar hujumiga uchragan va o'zini himoya qilishga majbur bo'lgan.

Ammo prokuror Jeffri Teylor otishmada oddiy iroqliklar o'lgan deydi.

"Hech birida qurol bo'lmagan. Hech biri jangarilarga qo'shilmagan," deydi u.

Hodisa iroqliklar noroziligiga sabab bo'lgan. AQSh va Iroq aloqalari taranglashgan. Yaqinda ikki davlat o'rtasida imzolangan bitimga ko'ra, kelasi oydan boshlab jinoyatlarda ayblangan amerikalik xususiy qo'riqchilar Iroqda sudlanadi.

XS
SM
MD
LG