Turkmanistonda parlament saylovlari kutilmoqda


Turkmaniston 14 dekabrda yangi parlament uchun ovoz beradi.

Jarayonni kuzatish uchun ilk marta Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti jalb etilgan. Ularni prezident Qurbonguli Berdimuhammedov shaxsan taklif qilgan. Biroq saylovlarning adolatli o`tishi shubha ostida.

Respublika matbuotiga ko`ra Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi va Yevropa Ittifoqi vakillari saylovlarga tayorgarlik ishlarini kuzatib bormoqda.

AQShda asoslangan Saylov Tizimlari bo’yicha Xalqaro Jamg’arma vakillari Ashgabatda safar qilib, rasmiylarga demokratik saylov me’yorlari haqida nasihat qilgan.

Saylov mutasaddilarining qayd etishicha jarayonning oshkora o`tishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Nomzodlar, deydi ular, saylovchilar bilan ochiq munozaralar olib bormoqda.

Turkmanistonlik o`zbek jurnalisti Komron Odilov fikricha saylovlar xalq orasida qiziqish uyg`otayapti deyish qiyin.

“Asosan, tepadagi 20 foiz odam tushunadi. Prezidentni aytganini qiladi, baribir. O`zbekistonda ehtimol biror joyda plakat ko`tarish mumkindir. Bu erda esa bu narsa ham yo`q”,- deydi Odilov.

“Prezident kim bo`ladi, boshqasi kim bo`ladi, odamlar “qo`y boshimni og’ritma” deydi”.

Muxolifatdagi “Ekr” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov nazarida Turkmanistondagi saylov tizimi O`zbekistondagidan farq qilmaydi.

“O`zbekistonda ham, Turkmanistonda ham saylovlarning haqiqiy tanlov bo`lishi kutilmaydi. Nomigagina nomzodlarni ro`yxatini ko`paytirish mumkin, lekin tanlov bo`lishi uchun mamlakatda mustaqil, muxolif siyosiy tashkilotalr ishlashi, o`zaro raqobat qilishi kerak”, - deydi Oripov.

Sharhlovchilar Turkmaniston va O`zbekistondagi siyosiy vaziyatni birdek qoloq va avtoritar deb baholaydi.

Turkmanistonda ham, O`zbekistonda ham muxolifat vakillari quvg`inda. Inson huquqlari, ayniqsa so`z erkinligi bilan bog`liq vaziyat og`ir ahvolda.

2006 yilda Saparmurat Niyozov favot etgach, hokimiyatga kelgan Berdimuhammedov G`arb bilan aloqalarni tiklay boshlagan. Maorif, sog’liqni saqlash va turizm sohalarida ijobiy o’zgarishlar qilingan.

Ammo, mamlakatda faqat bir Demokratik Partiya hukmron. Matbuot va axborot vositalari hukumat nazorati ostida. Odamlar amaldagi siyosatni savolga tuta olmaydi.

Komron Odilov fikricha Berdimuhammedov aslida liberal o`zgarishlar qilishga qodir inson.

“Unda avvalgidek shafqatsizlik yo`q. Har holda shifokor, shunga yarasha ish ko`radi. Yumshoqlik bilan gapirib, muolajaqiladi.Uning qiladigan ishlari yaxshi-ku, lekin atrofidagilar bunga qarshilik qilib turishibdi. Bo`lmasa uning dasturi yaxshi”,- deydi Odilov.

Otanazar Oripov fikricha esa Tukmanistonda o`zgarishlar nomigagina qilinmoqda va eski boshqaruvdan voz kechilmagan.

Rahbariyat erkinlik va islohotlar tarafdori ekanini isbotlamoqchi bo’lsa, deydi sharhlovchilar, yaqinlashayotgan saylovlar buning uchun qulay bir imkoniyat. Ular oshkora kechsa, balki Turkmanistonda demokratik siljish bor ekaniga guvoh bo’lamiz.

Aks holda esa bu mamlakat repressiya ostidagi jamiyat sifatida qolaveradi.

XS
SM
MD
LG