Turkmanistonda saylovlar, o'zgarish o'zi nima?


Bugun yangi parlament uchun ovoz bergan Turkmaniston jahon ahliga yakkahokimlik chuqur ildiz otgan, erkinlik cheklangan, tabiiy gazga boy, ammo aholisi nochor bir mamlakat sifatida tanilgan.

Tahlilchilar nazarida uzoq yillar Saparmurot Niyozovga sig’inib yashagan xalq uning o’limidan keyin biroz yengil nafas ola boshlagan.

Hozirgi rahbar Qurbonguli Berdimuhammedov avtoritar boshqaruvdan voz kechmagan, ammo maorif, sog’liqni-saqlash, maishiy xizmat va ijtimoiy yordam bobida ancha o’zgarishlar qilgan. Qolaversa, Turkmaniston tashqi dunyoga ancha ochiq.

Bir turkmanning quvonch bilan aytishicha, uning vatani oldinga siljiyotganini oddiy hayotda ko’rish mumkin: odamlar vaqtida maosh olayapti; chet elga chiqish qiyin emas; pasport olish uchun pora berish yoki uzoq kutish shart emas, qonunan belgilangan tartibda, boshog’riqsiz beriladi.

Kishini xursand qiladigan yana bir narsa, deydi bu turkman, Ashgabat aeroportida sizni “vatanga xush kelibsiz”! deb kutib olishayapti. Avvallari mamlakatiga qaytishda, hukumat “nega xorijga bording” deya so’roqqa tutadi deb qo’rqib yashagan turkmanlar uchun bu olamshumul yangilik.

Lekin, qarangki, bu fuqaro davlatni maqtab turib ham o’z ism-sharifini aytishga xavfsiraydi. Hukumatdan qo’rqib yashash Turkmaniston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida hayotning ajralmas qismi.

Besh milliondan oshiq aholiga ega mamlakatda kishi boshiga oylik va yillik daromad, qolaversa ishsizlik darajasi haqida hatto Jahon Banki ham aniq ma'lumotlar bera olmaydi. Sabab hukumat ko'p narsani sir tutadi. AQSh rasmiy manbalariga ko'ra, 2007 yilda Turkmanistonda har bir fuqaro yiliga o'rtacha 5300 dollar daromad qilgan. Bugungi narx-navo bilan, deydi turkmanlar, oylikka yashash deyarli mumkin emas.

"Haqiqiy va tub o’zgarishlar bo’lishi uchun yillab vaqt kerak, qolaversa istak va xohish",- deydi mintaqada uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan mutaxassis Dan Malinovich.

"Progress bo’lishi uchun xalqning siyosiy bilimi, o’ziga nisbatan ishonchi oshishi lozim",- deydi u. "Toki odamlar saylov bu tanlash imkoniyati ekanini tushunsin".

Dan Malinovich va u ishlaydigan Saylov Tizimlari bo’yicha Xalqaro Jamg’armaning (IFES) boshqa vakillari yaqinda Ashgabatda bo’lib, saylovoldi vaziyat bilan tanishdi.

“Biz Turkmaniston rasmiylariga Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning saylov tajribasi haqida gapirib berdik. Tashkilotimiz faqat texnik ko’mak ko’rsatadi xolos. Biz siyosatga aralashmaymiz. Chunki, siyosiy jarayonlar - ichki masala”.

Turkmanistondagi saylovlarni bir necha xalqaro mutaxassislar kuzatgan. Lekin bir partiyalik bu jamiyatda saylovlar qanday o’zgarish olib kelishi mumkin?

Dan Malinovich “Ko’p narsa kutmang”, - deydi. Chunki uning fikricha mintaqa ko’p-partiyaviylik, turfa fikr va g’oyalarga boy muhitda yashashga o’rganmagan.

Biroq o’tgan yillarda, uning kuzatishicha, odamlarning saylovlarga e’tibori nisbatan oshgan.

Malinovichning aytishicha, jahonning qay nuqtasida saylov bo’lmasin, uni davlat boshqaradi. Shu bois Turkmaniston yoki qo’shni davlatlarda saylovni hukumat nazorat qiladi deya tanqid qilish ayrim hollarda noo’rin.

Gap bu yerda saylov komissiyasining naqadar betaraf va xolis ishlay olishida. Nomzodlar qanday tanlanadi? Matbuot ularni qanday yoritadi? Xalq ular haqida nimalarni bilishi kerak?

“Turkmanistonda axborot vositalari ko’p emas va ular hukumat iznida. Lekin bu safargi saylovlarda deputatlikka nomzodlar va saylovoldi jarayoni keng yoritilayotganiga guvoh bo’ldim. Bu yangilik. Lekin oshkoralikka erishish uchun buning o’zi yetmaydi. Yana bir yangilik, nomzodlarning ko’p ekani. 125 deputatlik o’rni uchun 250 kishi bellashmoqda. Aytmoqchimanki, astalik bilan vaziyat o’zgarayapti. Sekin, ammo uni tan olish kerak ”,- deydi Malinovich.

AQShning "Businessweek" (Biznes haftaligi) jurnali muxbiri Stiv Levin (Steve LeVine) Turkmanistonda biror katta o’zgarish ko’rmaydi.

Levin "Newsweek", "Wall Street Journal" va "The New York Times" kabi yirik jurnal va gazetalar uchun bir necha yil davomida Markaziy Osiyodagi ahvolni yoritgan.

Jurnalist mintaqa energetika siyosatini tahlil qiluvchi “Neft va Shuhrat” (Oil and Glory) degan kitob muallifidir.

“Niyozov qazo qilgach, odamlarda o’zgarishga umid uyg’ondi xolos”, - deydi u.

“Saylovda rahbariyat xohlagan odam yutadi. Mintaqa va sobiq ittifoq hudididagi boshqa ko’plab jamiyatlar qatori Turkmanistonda ham saylovlar natijasi oldindan ma’lum”,- deydi Levin.

“O’zgarish har qanday jamiyatda oddiy aholi hayotidan boshlanadi. Mehnatkashlar turmushi osonlashayaptimi? Javob “yo’q” bo’lsa, biror yutuq haqida gapirish qiyin”.

Jurnalist nazarida Markaziy Osiyoda muammolar siyosiy chegara tanlamaydi.

Mintaqa tabiiy jihatdan qanchalik boy bo’lmasin, bu resurslar rohatini har bir davlatda juda tor doira vakillari ko’rmoqda, deydi Levin.

Qozonini zo’rg’a qaynatayotgan aholi uchun esa saylov, nomzodlar va ular bilan bog’liq dabdaba safsata xolos.

Xalq va hukumat shu tariqa bir-biridan uzoqlashib borarkan, tabiiyki, nima qilmoq kerak degan savol tug’iladi.

“Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan mutaxassislar fikricha amaldorlar vaziyatning og’irlashishi ularga qimmatga tushishini anglab yetishi, muammolarni tan olib, mas’uliyatni his qila bilishi, qolaversa odamlar orasida masalalar yuzasidan ochiq munozaraga yo’l berishi lozim. Toki odamlar ham o’zgarish ularning faol ishtirokini taqozo etishini tushunib yetsin.

Turkmanistonda hukumat 14 dekabrdagi saylov – xalq tanlovi bo’ladi deb va’da bergan. Kuzatuvchilar orasida bunga ishonch past. Lekin umidni so’ndirish qiyin. Dan Malinovich aytganidek, progressga qadamma-qadam erishiladi, biroq qadamlar shaxdam bo’lishi kerak.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG