Senat avtomobilsozlarga yordamni rad etdi


AQSh Kongressi Vakillar Palatasi avtosanoatni inqirozdan chiqarish uchun 15 milliard dollarlik dasturni yoqlagan bo'lsada, loyiha Senatda o'tmagan. Demokratlar va respublikachilar o'zaro murosa qila olmadi. Respublikachilar yordam evaziga uchta yirik avtomobilsozlik kompaniyasi kasaba uyushmalarga a'zo ishchilarining maoshini qisqartirsin deya talab qo'ygan. Kongress masalani kelasi yili yangidan muhokama qilishga kelishib oldi.

Senatdagi demokratlar loyiha qabul qilinmaganidan afsusda ekanini aytib, avtosanoat qulasa, millionlab odamlar ishsiz qolishini ta'kidlagan.

Oq Uy matbuot kotibi Dana Perinoning aytishicha, iqtisodiyot shu qadar zaiflashganki, agar yana bir million odam ishidan ayrilsa, vaziyat yanada yomonlashadi.

Respublikachilar nazarida avtomobil kompaniyalari faoliyatini isloh qilmas ekan, ularga pul berish befoyda.

Qonunchilar Bush ma'muriyatidan pulni avtomobilsozlarga yil boshida qabul qilingan 700 milliard dollarlik paketdan berishni so'ramoqda.

Loyiha Senatdagi ovoz berishdan o'tmagach, Osiyo moliyaviy bozorlarida aksiyalar bahosi tusha boshlagan. Yaponiyaning Toyota, Nissan va Xonda avtomobil kompaniyalari aksiyalari 10 foizga, Janubiy Koreyaning Xyunday va Kia kompaniyalari aksiyalari esa 8 foizga arzonlashdi.

Yaponiya Bosh vaziri Taro Aso bugun 255 milliard dollarlik yordam e'lon qilgan. Uning bir qismi uyga egalik qilayotgan fuqarolar solig'ini tushirishga, qolgani esa moliyaviy tashkilotlar faoliyatini jonlantirishga sarflanadi.

XS
SM
MD
LG