Breaking News

Jahon bo'ylab iqtisodiyot rivojlanishi sekinlashgan


AQSh Markaziy Banki hisobotiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar, G'arbiy Yevropa va Yaponiyada iqtizodiy tanazzul davom etar ekan, jahon bo'ylab iqtisodiyot rivojlanishi keskin sekinlashgan.

AQSh Markaziy Banki ko'rsatkichlariga ko'ra, mamlakatda ishlab chiqarish noyabr oyida 1,4 foizga susaygan. Xususan avtomobil ishlab chiqarish 3 foizga. Bunday ahvol uch oydan beri kuzatilmoqda.

Xususan Xalqaro Valyuta Jamg'armasining sobiq bosh iqtisodchisi Simon Jonsonning bashorat qilishicha, kelasi yili iqtisodiy o'sish bir foizga tushishi mumkin. Jamg'arma o'tgan oy tayyorlagan hisobotida 2009 yilda 2,2 foiz o'sish kuzatiladi degan edi.

Global iqtisodiy vaziyat tez sur'atlarda o'zgarar ekan, jamg'arma yanvargacha yangi hisobotini chiqaradi.

AQSh hukumati mamlakat avtomobilsozlariga moliyaviy yordam berish haqida qaror chiqarmagani birjalar faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Iqtisodchi Mark Zendining aytishicha, Bush ma'muriyati avtosanoatga yordam berishini aytgan, ammo va'da qilingan 14 milliard dollar ajratilgan taqdirda ham uchta yirik kompaniya muammolarini tez orada hal qilib bo'lmaydi.

"Kelasi yili avtomobilsozlarga yana pul kerak bo'ladi. Ular va'da qilayotgan ichki islohotlar qimmatga tushadi, chunki juda ham ko'p aksiyadorlari bor," deydi mutaxassis.

Jeneral Motorz, Ford va Krayslerdan biri kasodga uchragan taqdirda ham, deydi Mark Zendi, kamida ikki yarim million kishi ishidan ayriladi. Bu mamlakat iqtisodiyotiga yanada katta zarar yetkazadi. So'nggi bir yil ichida 2,7 million amerikalik ishsizga aylangan.

AQSh Markaziy Banki qo'shimcha chora sifatida bugun kredit foizi stavkasini yana tushirishi kutilmoqda. Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbariga ko'ra, agar mamlakatlar o'z iqtisodiy ahvolini o'nglash uchun chora ko'rmasa, jahonning ko'plab burchaklarida ijtimoiy tartibsizliklar kelib chiqishi mumkin.

XS
SM
MD
LG