AQSh Qrimda diplomatik idora ochishni rejalayapti


AQSh va Ukraina strategik hamkorlik to’g’risida bitim imzolab, savdo, iqtisodiyot, mudofaa, energetika va madaniy sohalarda birga ishlashga qaror qilgan. AQSh Qrimda diplomatik idora ham ochish niyatida.

Ukraina bilan hamkorlik bitimi, deydi Amerika rasmiylari, siyosiy jihatdan nozik bir mahalda, Vashington-Kiyev birdamligini namoyish etish uchun imzolandi.

Rossiyaning Gruziyaga hujumi va bu mamlakatning ikki bo’lginchi hududini mustaqil deb tan olishi ketidan, “endi navbat Ukrainaga” qabilida bashoratlar qilingan edi.

Ukrainaning Qrim yarim orolida Rossiyaning Qora Dengiz floti joylashgan. Orolda yashovchi 2 million aholining aksariyati ruslar. Rossiya bu yerda bo’lginchi guruhlarni quvvatlashga o’tadi degan xavotir mavjud.

Vashington-Kiyev o’rtasida imzolangan strategik hamkorlik bitimi Simferopolda kichik, ammo ramziy jihatdan muhim diplomatik idora ochishni nazarda tutadi.

Imzolash marosimida AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Ukraina NATO, Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo’shiladi deya ta’kidladi.

“Bu haqda NATOning Buxarestda o’tgan sammitida qaror qilingan edi. Buxarest deklaratsiyasi hali ham amalda”, - deydi AQSh vazirasi. Ma’lumki, Kreml ushbu tashabbusga qarshiligini yashirmaydi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Vladimir Oryzkoning aytishicha, “AQSh bilan kelishuv o’tgan bir yil mobaynida kechgan samarali muzokaralar mahsuli va o’zaro aloqalar kelajagini belgilab beradi”.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra Simferopolda ochilishi kutilayotgan idoraga ikki diplomat tayinlanadi. Amerikaning Kiyevda ham elchixonasi bor.

Ukrainaning G’arbga moyil prezidenti Viktor Yushenko fikricha Rossiyaning Qora Dengiz floti Qrimni 2017 yilda, ya’ni ijara muddati nihoyasiga yetgach tark etishi kerak. Rossiya bazadan ketmoqchi emas.

XS
SM
MD
LG