Breaking News

NATO Rossiya bilan aloqani tiklashga urinmoqda


NATO, Shimoliy Atlantika harbiy bloki hamda Rossiya o’rtasida Gruziya urushidan beri ilk uchrashuv bo’lib o’tgan.

Aloqalar 4 oy ilgari, Kavkazdagi qonli mojaro ketidan to’xtatilgan edi. Biroq oy boshida NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Rossiya bilan dialogni qayta boshlashga qaror qilgan.

NATO Bosh kotibi Yap de Xup Sxeffer va Rossiyaning NATOdagi elchisi Dmitriy Rogozin Bryusselda muloqot qilgan. “Uchrashuv”, deydi Rogozin, “Gruziya-Rossiya o’rtasida kechgan qisqa urushdan keyin aloqalarni yangilash tomon qo’yilgan ilk qadamdir”.

26 a’zoli tashkilot o’tgan avgust oyida Kremlni Gruziya bilan imzolangan sulh bitimiga to’liq amal qilmayotganlikda ayblab, NATO-Rossiya Kengashining faoliyatini to’xtatgan edi. Ayniqsa Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqil deb tan olinishi kuchli norozilik uyg’otgan.

Kuzatuvchilar fikricha bugunga kelib sulh shartlari bajarildi deyish qiyin, biroq Rossiya neft va gaziga muhtoj ga’rbiy Yevropa davlatlari bu mamlakat bilan gaplashishga tayyor. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida yangi munosabatlarni Kavkazdagi mojaroning sabablarini o’rganishdan boshlash lozim.

Harbiy tahlilchi Klara Odonnel NATO va Rossiya bir-biriga havodek zarur deydi.

“Rossiya Yevropa Ittifoqining asosiy yonilg’i ta’minotchisi. Ittifoq davlatlari Rossiya uchun ulkan bozor. Hamkorlikdan har ikki tomon birdek manfaatdor. Qolaversa, Afg’oniston, Bolqon, Eron kabi masalalarda birga ishlamasa bo’lmaydi”.

XS
SM
MD
LG