AQSh Afg'onistonga to'rt brigada, 89 vertolyot yuboradi


Pentagon kelasi yil aprel-iyun oylarida Afg'onistondagi qo'shinlarga madad tariqasida 3 mingga yaqin askar va 89 ta vertolyot yubormoqchi. Vertolyotlar asosan transport, razvedka va tibbiy evakuatsiya uchun ishlatiladi. 18 tasi esa jangovar operatsiyalarga mo'ljallangan.

Qo'shma Shtatlar Afg'onistonga 20 ming kishidan iborat jami to'rtta brigada jo'natishni ko'zlamoqda. Birinchisi kelasi oy safarbar etiladi. AQSh va NATO kuchlari qo'mondoni general Deyvid Makkirnanning aytishicha, Tolibon xurujlari kuchayar ekan, qo'shimcha askarlarga ehtiyoj bor.

AQSh harbiy shtabi qo'mondoni admiral Mayk Myullen fikricha Qo'shma Shtatlar o'z majburiyatini keragidan ortiq bajarmoqda va NATOga a'zo qolgan davlatlar ham hissa qo'shishi zarur.

Ayni damda Afg'onistondagi strategiyani uchta guruh o'rganib unga tuzatishlar kiritmoqda. Barak Obama rasman prezidentlikka kirishgach, qayta ko'rilgan strategiya asosida Afg'onistonga jami qancha qo'shin yuborish haqida yakuniy qaror chiqaradi. Admiral Myullen nazarida strategiyaga katta o'zgarishlar kiritilmasligi kutilmoqda.

Mudofaa vaziri Robert Geyts respublikachi bo'lsada, Obama uni o'z lavozimida qoldirmoqchi. U Afg'onistondagi koalitsiya askarlarini kuchaytirish rejasini qo'llab-quvvatlaydi, ammo shu bilan birga ortiqcha qo'shinlar mahalliy aholi bilan muammolarga olib kelishi mumkin deb hisoblaydi.

Pentagon so'zlovchisi Brayan Vitmanga ko'ra masalaning bu tomoni o'rganib chiqilmoqda.

"Strategiyada nafaqat qo'shinlar sonini oshirish ko'zda tutilgan, balki davlat boshqaruvi tizimini yaxshilash, qurilish loyihalarini amalga oshirish, mahalliy huquq-tartibot organlarini tayyorgarlikdan o'tkazish, iqtisodiy o'sishni ta'minlash, korrupsiya va qoradori savdosiga qarshi kurash ham o'rin olgan," deydi u.

XS
SM
MD
LG