Jahon iqtisodiyotining qachon barqarorlashishi aniq emas


Jahondagi yirik tijoriy va sarmoya banklari hamda sug'urta kompaniyalarini o'z ichiga olgan Xalqaro moliya instituti dunyodagi iqtisodiy vaziyat bo'yicha o'z hisoboti va bashoratini chiqargan. Unda aytilishicha, rivojlangan yirik davlatlarning barchasi og'ir kunlarni boshdan kechirmoqda.

Vashingtonda joylashgan muassasaga ko'ra 2009 yilda jahon bo'ylab iqtisodiy o'sish 1960 yildan beri ilk bor salbiy bo'ladi, aniqrog'i 0,4 foizga tushadi. O'tgan yili global iqtisodiyot 2 foizga o'sgan edi.

Hisobot muallifi Filip Satlning aytishicha, deyarli yarim foiz manfiy ko'rsatkich jiddiydek tuyulmasada, bu tabiiy hol emas, chunki jahon iqtisodiyoti odatda pastga tushmaydi.

Hozirgi ahvol ayrim davlatlarda ma'lum muddat davom etishi, AQSh, G'arbiy Yevropa, Yaponiyada o'sish 1,5 foizga susayishi, Xitoyda 6,5 foizga, Hindistonda esa besh foizga tushishi bashorat qilinmoqda.

"Eng xavotirlisi shuki," deydi iqtisodchi Filip Satl, "vaziyat keskin o'zgardi. 3-4 oy burun o'sishning sekinlashishi haqida gapirgan edik, bugunga kelib esa iqtisodiy tanazzulga yuz tutyapmiz."

Neft narxining keskin tushishi ana shu o'zgarishga yaxshi misol. To'rt oy burun bir barrel, ya'ni 117 litr qora oltin 143 dollar edi. Bugunga kelib esa 35 dollarni tashkil etmoqda.

XS
SM
MD
LG