Dunyoda olti million kishi qochqin, yordamga zor


Dunyoda bugun 6 million kishi chekka qishlog’u shaharlarda bir lagerdan boshqasiga ko’chib yashab keladi.

Doimiy boshpanaga zor bu insonlarning farzandlari uchun imkoniyatlar cheklangan.

Ko’p hollarda yoshlar ham o’z kelajagini qochqinlar lagerlarida ko’radi.

BMT Qochqinlar agentligi boshpana izlagan insonlar sonini kamaytirish ustida bosh qotirmoqda, ammo tashkilot turli davlatlar yordamisiz hech narsa qila olmaydi.

Agentlik rahbari Antonio Guterrez “qochqinlar noto’g’ri siyosat va mojarolar qurboni”, - deydi.

“Jahonda notinch nuqtalar ko’p ekan, qochqinlar sonini ham cheklash qiyin. Lekin hukumatlar istasa, ularga g’amxo’rlik qila oladi”,- deydi Guterrez.

Biror davlatda urush chiqsa, tabiiyki, aziyatda qolgan aholi avvalo qo’shni davlat tomon yo’naladi. Qo’shni davlatning esa qochqinlarga qarashga qurbi yetmasligi mumkin.

Iroqlik qochqinlar Suriya va Iordaniyada millionlab sonlarda azobda kun ko’rayotgani bunga bir misol. Xalqaro tashkilotlar yordamisiz mezbon mamlakat qochqinlar masalasi bilan shug’ullana olmaydi.

Qochqinlarga boshqa davlatda sig’indi sifatida qaraladi. Ularning yangi jamiyatga qo’shilishi qiyin va aksariyat hollarda qo’shila olmaydi ham.

Masalan, Iordaniyada shu kungacha falastinlik qochqinlar alohida koloniyalarda yashayotgani ma’lum. Vaholanki, har ikki tomon arab tilida gaplashadi va qardosh xalqlar hisoblanadi.

“Qochqinlarga nisbatan munosabatni ijobiylashtirish ko’p hollarda axborot vositalari qo’lida”,- deydi Antonio Guterrez.

“Ular taqdirini yoritish, insonparvarlikni targ’ib qilish, ayniqsa xotin-qizlarni zo’ravonlikdan asrash uchun harakat qilish kerak. Qochqinlar lagerida qizlar hayoti hamisha xavf ostida. Ularning nomusiga tegish hollari ko’p uchraydi. Chunki ota-ona nochor ekan, bolalar ishlashga majbur. Ularga esa haq-huquqsiz odamlar sifatida qarashadi”.

Qochqinlar BMT yordamida doimiy boshpana olishga urinadi, lekin ularni qabul qilishga rozi davlatlar topilgunicha vaqt, mablag’ va sabr-toqat kerak. Insonparvarlik yordami cheklangan miqdorda beriladi. Qochqinlar noqonuniy yo’llar bilan non topishga majbur.

Bugun Somali, Sudan, Sierra Leone, Iroq va Afg’onistondan chiqqan millionlab qochqinlar yaqin kelajakda tinch panoh topish umidida yashamoqda.

Masalani yaqindan o’rgangan olim Jeyms Milner fikricha har bir davlat qochqinlarga g’amxo’rlik qilishni dolzarb vazifa deb bilishi lozim, ham insoniy, ham siyosiy jihatdan.

10, 15, 20 yillab sizning sarhadingizda yashashga majbur odamlar, istaysizmi-istamaysizmi, sizning jamiyatingizning bir qismiga aylanadi. Ularga mamlakat taraqqiyoti uchun hissa qo’shishga imkon berish kerak. Toki ularda bu jamiyatga nisbatan muhabbat, mas’uliyat hissa uyg’onsin.

"Qochqinlar boshqalarning muammosi emas. Kimdir eshigingizni qoqib najot so’rayaptimi, unga ko’mak bermasdan iloj yo’q. Urush va xunrezliklar tufayli bor-yo’g’idan ayrilgan odamlar hayot uchun kurashayotganini ko’rib turib, ularni qabul qilmaslik, tibbiy va ijtimoiy yordam ko’rsatmaslik nafaqat xalqaro-siyosiy, balki insoniy majburiyatlarga ham zid",- deydi professor Jeyms Milner.

Bugun, deya bildiradi BMT, qochqinlar yashamayotgan davlatning o’zi yo’q. Ular taqdirini hal etish oson emas, ammo xalqaro tashkilotlar yordamida bunga erishish mumkin. E’tibor ajatilsa va siyosiy xohish bo’lsa bas, deydi Qochqinlar agentligi rahbari Antonio Guterrez.

XS
SM
MD
LG