O'zbekistonda dehqondan yer majburan tortib olinmoqda


O'zbekistonda fermerlar yerlari majburiy tortib olinayotganidan shikoyat qilmoqda. Norozilik shu qadar kuchli-ki, O`zbekiston prezidenti Islom Karimovga ochiq xat yo’llangan.

Yerning mahalliy hokimiyatlar tomonidan tortib olinishi, deydi dehqonlar, qishloq ahlini tirikchilikdan ayirmoqda.

Hukumat fermerlarga ko’rsatilayotgan bosimga qarshi chora ko’rmasa, qishloq xo’jaligini ustidan boshqaruvni boy berishi mumkin, deydi sharhlovchilar.

O`zbekiston prezidentining ekin yerlarni optimallashtirish haqidagi farmonida femerlardan yerni olish haqida aniq ko`rsatma yo`q, biroq respublika bo`ylab fermerlar sonini qisqartirish amaliyoti shu farmonga ko`ra yuritilayotgani ta`kidlanadi.

Fermerlardan biriga ko`ra, qishloq xo’jaligida vaziyat og`irlashib bormoqda, norozilik kuchaygan, hukumat fermerlar ustidan boshqaruvni yo’qotib qo’yishdan qo’rqadi.
“Tepadan boshqarish oson bo`lsin deb. Krepostnoy tizimda ham shunday bo`lgan-ku, bu ana shuning oldini olishning bir yo`li”, - deydi fermer.

O`zbekiston prezidentiga yozilgan ochiq xat muallifi jizzaxlik fermer Ma`murjon Azimovga ko`ra mahalliy hokimlar ixtiyoriy ravishda yerni topshirmagan fermerlarga nisbatan kuch ishlatgan hollar bo’lmoqda.

“Biz sizni majbur qilamiz topshirishga, deyishayapti. O`g`it beradigan, neft bilan ta`minlaydigan tashkilotlarga topshriq beramiz, ular siz bilan shartnoma tuzmaydi, mahsulot bermaydi, keyin o`zing yerni topshirishga majbur bo`lasan, deyishayapti hokimiyatdagilar”, - deydi Azimov.

Ma`lumotlarga ko`ra, hukumat fermer xo’jaliklari sonini ellik foizgacha qisqartirish niyatida. Jizzax viloyatining o`zida 10 ming fermer xo`jaligi bor, ularni besh mingtaga qisqarishi kamida besh ming oilani tirikchilik manbasidan ayirishi mumkin.

“Viloyatdagi majlisni hokim o`rinbosari, senator Mahmud Xolbo`tayev o`tkazdi. Men aytdim, agar sakkiz nafar farzandimni boqishni kafillikka olsangiz yerimni topshiraman, dedim. U O`zbekiston qonunida bolalarni boqish ota-ona zimmasiga yuklatilganini aytdi. Agar qonunda belgilangan otalardan bittasi men bo`lsam, shu 10 gektar yer bilan bola-chaqamni boqib kelayapman dedim”, - deydi Azimov.

Ma`murjon Azimov bu tajriba fermerlarning keskin noroziligiga sabab bo’layotgani bois yordam so’rab O`zbekiston prezidentiga ochiq xat yozgan.

“Faqat men emas, hamma fermerlar norozi, norozilik borgan sari kuchayib bormoqda. Salla desa, kallasini olib, fermerlarning yerlarini noqonuniy tortib olishayapti. Shuning uchun prezidentga ochiq xat yozdim”, - deydi xat muallifi.

Aksariyat fermerlar mazkur xat vaziyatni o`zgartirishi mumkinligiga ishonmaydi. Norozilikka sabab bo`lgan bu tajriba aynan prezident farmoniga binoan amalga oshmoqda.

Avval yer 5-10 gektarga ega fermerlardan olinayotgan bo`lsa, hozir 30-50 gektarga ega fermerlarning yeri ham olib qo’yilmoqda. Kimlarning yerini olish, kimnikini qoldirish hokimiyat ixtiyoriga topshrilgan.

“Avval texnikasi yo`q odam fermer bo’lmaydi deyishgan edi. Hozir texnikang bormi-yo`qmi, deb so`rab ham o’tirishgani yo`q. Yana ayrim fermerlarning qarzlari ko`tarilib ketgan, bunga ham qarashayotgani yo`q”, - deydi bir dehqon.

Fermerlardan biriga ko`ra, fermer xo’jaliklarini tanlashda masalaning siyosiy tomoniga ham e`tibor berilmoqda.

“Qaysisining otasi rais o`tgan, to`rt so`m puli bor, shularni tanlashayapti. Bu yil 90 foiz fermer xo`jaliklari planni bajarmagan. Quloq soladigan fermerlarni topib, o’shalarni qoldirishayapti”, - deydi u.

O’zbekistonda qishloq xo’jaligi davlat monopoliyasida. Fermer xo`jaliklari qonunga ko`ra mustaqil xo`jalik hisoblansa-da, biroq fermer nima ekishini, bu ekinni qanchadan sotishni ham hukumat belgilaydi.

XS
SM
MD
LG