O'zbekiston tashqi siyosatida navbatdagi o'zgarish


Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining Qozog’istonda o’tgan norasmiy uchrashuvida O’zbekiston prezidenti ishtirok etmagan.

Sharhlovchilar nazarida O`zbekiston tashqi siyosatida qator o’zgarishlar kuzatilmoqda.

Rahbariyat, deydi ular, Rossiya bosimidan uzoqlashishga harakat qilyapti.

O’zbekiston endi Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga a`zo emas. Qozog’istonda o`tgan uchrashuv avvaliga Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasining sammiti deb ko`rilayotgan edi. Keyinchalik esa MDH rahbarlarining norasmiy majlisi deya sharhlandi.

Yig’ilishda nafaqat MDH, balki Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasini imzolagan davlatlar ham to’liq qatnashmagan. Bugunga kelib O’zbekiston bu shartnomadan ham chiqadi degan taxminlar bor.

Rossiya mudofaa vazirligiga ko’ra AQSh Qozog`iston va O`zbekistonda harbiy bazalar ochishi mumkin. AQSh rasmiylari, jumladan, mamlakatning O`zbekistondagi diplomatlari buni rad etmoqda. Toshkentda o`tgan muzokaralarda bu borada gap ketmagan, deydi ular.

Mustaqil sharhlovchi Bahodir Musayev nazarida xavotir Rossiyadan kelayaptimi, demak, bu singari hozircha asossiz bayonotlar ildizini Kreml siyosatidan qidirish kerak.

“Agar so`nggi paytdagi voqealarni kuzatsak, O`zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatidan chiqishi, Rossiya tobora sovuq urushga xos pozitsiyani egallashga harakat qilayotgani, nazarimda, hukumatning Amerikaga baza ochish uchun ruxsat berishini oqlashi mumkin. Men shu mamlakatda yashayotgan fuqaro sifatida Rossiya bilan birgalikda sovuq urush pozitsiyasiga tortilishni istamayman. Buning asoratlarini o`zimiz tortishimizga to`g`ri keladi”, - deydi Musayev.

Uning mulohaza yuritishicha so`nggi paytda AQSh mudofaa tizimi vakillarining O`zbekistonga safari Afg`onistondagi vaziyat va harbiy yuklar tranziti bilan bog`liq.

Tahlilchilar nazarida yaqin kelajakda AQSh-O`zbekiston munosabatlari qo’shni davlatda tinchlikni tiklash va mamlakatni qayta qurish ishlariga asoslanadi.

“Afg`oniston yo`nalishida muayyan o`zgarishlar kutish mumkin. Mintqaning AQSh va NATO bilan ham aloqalari kuchayadi”,- deydi siyosatshunos Farxod Tolipov.

Bahodir Musayev fikricha Barak Obama prezidentlikka kelgach ham AQShning Markaziy Osiyodagi siyosati murakkabligicha qoladi.

Bir tomondan O`zbekistonda demokratik islohotlar achinarli ahvolda. Ikkinchi tomondan Afg`onistonda vaziyat tang. Uchinchi tomondan esa Rossiya mintaqadagi mavqeini oshirishga urinmoqda.

O’zbekiston ziyolilari Amerika bu ziddiyatli masalalarga yechim topib, ham bu yurt, ham Afg’oniston turmushini yaxshilash uchun amaliy hissa qo’shadi deya umid bog’lagan.

“Mintaqa Rossiya ta`siri ostida bo’lsa-da, bu davlatlarda diktatura tuzumlari hukmron bo’lsa-da, AQSh ular bilan muloqotni kuchaytirishi lozim”,- deydi ism-sharifini bildirmagan mahalliy tahlilchilardan biri.

XS
SM
MD
LG