Zimbabve og’ir damlarni boshidan kechirmoqda – mamlakat moliyaviy, tibbiy, gumanitar va siyosiy krizis bilan yuzlashmoqda.
Xalqaro hamjamiyat talabiga qaramay, prezident Robert Mugabe ishdan ketmoqchi emas.
AQSh va g’arb davlatlari Zimbabve prezidenti Robert Mugabeni ishdan ketishga chaqirmoqda. Ammo Mugabe pinagini buzmayapti.
Zimbabveda muxolifat va hukumat davlatni birga boshqarish masalasida muzokara qilgan. Ammo AQSh elchisi Jendayi Freyzer fikricha bundan foyda yo’q, chunki 28 yillik prezident Mugabe baribir hokimiyatni bo’lishmaydi.
Bu orada Zimbabveda ocharchilik, vabo, ishsizlik va inflyatsiya avjida. Janubiy afrikalik jurnalist Darren Teylor so’zlariga ko’ra:
“Ahvol kun-sayin og’irlashmoqda. Vabo kamida 1000 kishini o’ldirgan, iqtisodiyot xarob ahvolda. Odamlar bir burda non sotib ololmaydi. Zimbabvega qo’shni davlatlar Mugabega bosim o’tkazishga harakat qilmayapti, vaholanki, Janubiy Afrika kabi yirik davlatlar aralashsa, biror o’zgarish bo’lishi mumkin”, - deydi jurnalist.
Britaniya, AQSh, Fransiya, Kanada, Zambiya va Botsvana 84 yoshli Mugabening iste’fosini talab qilgan. Biroq Janubiy Afrika jim.
Mugabe nazarida Zimbabvening muammolarida Britaniya aybdor, deydi ingliz jurnalisti Yan Vilyams.
“Zimbabve o’tmishda Britaniya mustamlakasi bo’lgan. Mugabe shuni qayta-qayta eslatib, o’zini himoya qilmoqda, deydi jurnalist. Janubiy Afrika Respublikasi ham bu masalada Mugabeni yoqlashni ma’qul ko’rmoqda. Vaholanki, BMT Xavfsizlik Kengashi muvaqqat vakili sifatida Janubiy Afrika shaxdamroq harakat qilishi kerak edi. Mugabe hatto vaboda ham g’arbni ayblamoqda”, - deydi Yan Vilyams.
Kelasi yil yanvarida Janubiy Afrika Respublikasi Xavfsizlik Kengashida 2 yillik xizmat muddatini yakunlaydi. Shundan so’ng kengash Zimbabvega nisbatan keng qamrovli sanksiya joriy etishi kutilmoqda.