AQShning yangi prezidenti oldida cheksiz jumboqlar


AQShda rahbariyat almashar ekan, dunyoning ko’pgina nuqtalari, jumladan Janubiy Osiyoda ahvol notinch.

Tolibon va boshqa ekstremist harakatlarga makon bo’lib qolgan Pokiston ularga qarshi yetarlicha kurashayotganini ta’kidlamoqda.

Ammo qo’shni Afg’onistondagi vaziyatga qarab baho berayotgan G’arbda rasmiy Islomobodga nisbatan ishonch past.

Tolibon va Al-Qoida jangchilari Pokistonning qabilaviy hududlarida mahkam o’rnashib olgan. Ular AQSh va NATOning Afg’onistondagi kuchlariga shu yerdan turib hujum qiladi. Natijada 2008 yil mobaynida zo’ravonlik keskin oshgani kuzatildi.

Tahlilchilarga ko’ra Barak Obama Pokistonning yangi demokratik hukumati bilan aloqani buzmay turib, uni jangari guruhlarni yo’q qilishga undash yo’lini topishi kerak. Yana bir masala - Afg’onistonda boshqaruvni yaxshilash.

Saylov kampaniyasi chog’ida Obama aniq ma’lumot bo’lsa, Pokiston hududida “Tolibon va Al-Qoidani nishonga olamiz” degan edi.

“Al-Qoida, Usama bin Laden va uning safdoshlari qayerda ekani aniqlansa va Pokiston chora ko’rmasa, biz o’zimiz ularni yo’q qilamiz”, - degan Obama.

AQSh bu ishga allaqachon kirishgan ko’rinadi. Uchuvchisiz boshqariladigan samolyotlar, harbiy bo’linmalar Pokiston hududidagi jangari makonlariga bir necha bor zarba bergani ma’lum. Ammo harbiylar bu xabarlarni tasdiqlashdan bosh tortadi.

Ruxsatsiz havo hujumlari Pokistonda Amerikaga qarshi kayfiyatni kuchaytirgan va hatto, deydi kuzatuvchilar, jangarilar safini kengaytirgan. Hamma gap o’rtada ishonch yo’qolib borayotganida, deydi Maliha Lo’di, Pokistonning Vashington va Londondagi sobiq elchisi:

“Yashirincha, xufyona hujumlar Pokistonda AQSh xohlagan natijani bermaydi. Aksincha, aholini Amerikaga qarshi qayrab soladi. Bunday sharoitda hukumat qanday qilib terrorga qarshi kurashsin?”

Ma’lumki, Tolibon harakati Pokiston razvedka xizmati yordami bilan vujudga kelgan. Afg’onistonda muayyan nufuzga ega bo’lish uchun.

Ammo hozirgi kunda Pokiston maxfiy xizmati Tolibonga yordam berishda davom etyaptimi-yo’qmi, buni bilish qiyin. Har holda rasmiy Islomobod buni rad etadi.

Maliha Lo’di fikricha AQSh o’zi yo’liqqan hamma balolarda, jumladan Afg’onistondagi xatolarda, Pokistonni ayblamoqda.

“Qator strategik va harbiy xatolar, aniq maqsad yo’qligi, mahalliy sharoitni tushunmaslik urushni besh-badtar qilib, jangarilarni Pokistonga haydadi. Bunga shubham yo’q”, - deydi sobiq elchi.

Afg’on rasmiylari nazarida Pokiston yangi prezidenti Osif Ali Zardariy terrorchilarni yo’q qilish qarorida qat’iyroq ko’rinadi. Bu albatta sobiq rahbar general Parvez Musharraf bilan solishtirganda.

Biroq Afg’onistonning AQShdagi elchisi Said Toyib Javod Pokiston armiyasi hukumat bilan hamjihatlikda ishlashiga uncha ishonmaydi.

“Muammo shundaki, Pokistonning no-harbiy hukumati ekstremizmga qarshi kurashga shay, lekin imkoniyatlari cheklangan. Armiyasi dushmanni yengishga qodir, biroq ekstremizmni dushman deb ko’rmaydi. Mamlakat tashqarisida bundan muhimroq muammolar bor deyishadi”, - deydi elchi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Bush ma’muriyatining o’z lavozimida qolayotgan yagona rasmiysi. Uning bildirishicha, kelasi yil Afg’onistonga 3 harbiy brigada, ya’ni 30 minggacha askar safarbar etiladi. Hozir bu mamlakatda yana shuncha harbiy xizmatda.

Qani edi muammolarni faqat harbiy yo’l bilan yecha olsak, deydi elchi Javod.

“Gap sonda emas, sifatda, qo’shin jangga tayyorligida. Deylik, qurol-aslaha, zirxli mashina, vertolyotlar, texnika yetarlimi? Davlatlar o’z qo’shiniga qo’ygan cheklovni bekor qilishga, xavfli hududlarga jo’natishga tayyormi?”

Hamid Karzay hukumati, deydi elchi, Tolibon harakatining ayrim mo’tadil a’zolari bilan tinchlik muzokaralari olib boradi. Said Javod buni muqobil siyosiy strategiya deb ataydi. Ammo bu natija berishi uchun Tolibonga tashqaridan yordam to’xtashi kerak.

“Tolibon xorijiy ko’mak manbalaridan mahrum etilsagina, zo’ravonlikni tashlab, hukumatga qo’shilishga xohish topadi”.

Ayrimlar nazarida yaqinda Mumbayda 170 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo’lgan xurujlar Pokiston terrorizm o’chog’i degan da’volarga isbot bo’ldi. Hindiston qo’shni davlatni bu xunrezlikni amalga oshirgan guruhni yo’q qilishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG