Amerikada korrupsiya va oshkoralik yonma-yon yuradi


Shu kunlarda Illinoys shtati gubernatori Rod Blagoyevich (Rod Blagojevich) tergov ostida.

Blagoyevich Barak Obama prezidentlikka saylangach bo’shab qolgan senatorlik o’rnini pullashga uringanlikda ayblanmoqda.

Shtatning Kongressdagi a’zosi muddatdan avval o’rnini tark etsa, gubernator tanlagan odam bu joyni egallaydi. Ammo bu qonun doirasida amalga oshirilishi lozim.

Blagoyevich “Senatorlik uchun hech kimdan pora so’ramaganman”,- deydi.

Tergovga boshchilik qilayotgan federal prokuror Patrik Fitzjerald (Patrick Fitzgerald) esa tekshiruv davom etmoqda, qora ishlar haqida dalil-isbot ko’p deydi.

"Bu ish shu qadar korrupsiyaga botganki, Linkolnni qabridan turgazib yuboradi".

Blagoyevich, deydi federal prokuror, mahalliy kasalxona va matbuotga do’q qilib, ularga turli moliyaviy talablar qo’ygan. Ayrim tashkilotlardan pora so’ragan. Aks holda byudjet qirqiladi deb ogohlantirgan. Jurnalistlarga bosim o'tkazgan.

Tergovchilarning aytishicha, gubernator Barak Obamadan qolgan senatorlik o’rnini katta pulga sotmoqchi bo’lgan.

Buni isbotlovchi suhbatlar yozib olingan, deydi prokuror Fitzjerald.

"Mana eshiting: “Bu oltin imkoniyat. Uni quruqqa berib yuboradigan ahmoq yo’q,” – deydi gubernator".

Barak Obamaning bu ishga aloqasi yo’q, deydi tergovchilar. Ularning aniqlashicha bo’lajak prezident bu haqda bilmagan.

"Men gubernatorning idorasi bilan gaplashmaganman. Bunday ishlardan xabarim ham bo’lmagan",- deydi Obama.

Lekin bu kabi qing’ir qilmishlar AQSh siyosatida yangilik emas.

Alyaska senatori Ted Stivens (Ted Stevens) neft kompaniyalaridan mo’may pora olganlikda aybdor deb topilgan.

Stivens Kongressga qayta saylanishga harakat qildi, ammo xalq bunga yo’l qo’ymadi.

Uning 40 yillik siyosiy faoliyati chilparchin bo’ldi va yaqinda Senatni ko'zida yosh bilan tark etdi.

Luiziana shtatidan saylangan kongressmen Uilyam Jefferson (William Jefferson) ham poraxo’rlik va vakolatini suiste’mol qilganlikda ayblanib, sud qilinmoqda.

2006 yilda tergovchilar uyini tintuv qilganida muzlatgichidan 90 ming dollar topilgan. Jefferson ham shu tariqa Kongressdagi o’rnini boy berdi.

Siyosatshunos Allan Lixtman (Allan Lichtman) bu hollardan ajablanmaydi.

“Hamma pul ketidan quvadi. Siyosiy qudrat odamni ochko’zlikka undaydi nazarimda. Bu siyosatchilar o’zini qonundan ham ustun deb biladi. Vijdonini sotadi”, - deydi Lixtman.

Lixtmanning aytishicha Amerikada siyosiy korrupsiya tarixi uzoqqa taqaladi.

1860-yillarda, fuqarolik urushi ketidan, Ulissis Grant (Ulysses Grant) prezidentlikka kelgan paytda, AQShda yulg’ichlik eng yuqori darajaga chiqqan. Urushdan tiklanish davri poraxo’rlik davri sifatida ham tanilgan. Bu qaltis yillarda siyosatchilar xalqni rosa o’margan.

1920-yillarda, Vorren Xarding (Warren Harding) prezidentlik paytida, neft manbalarini rivojlantirish uchun harakat avj olgan bir davrda, tabiiy boyliklar uchun javobgar vazir Albert Foll (Albert Fall) poraxo’rlikda ayblanib, sud qilingan va qamalgan.

1970-yillarda esa Richard Nikson (Richard Nixon) muxolifatga qarshi ishlarda ayblanib, prezidentlikdan ketgan.

2003-2005 yillarda Vakillar Palatasida respublikachilar, o'sha paytda ko'pchilik, yetakchisi bo'lgan Tom Deley (Tom DeLay) korrupsiya ayblari ostida qoralanib, Kongressdan haydalgan.

"Afsuski, davlatimiz tarixi korrupsiya va yulg’ichlik bilan belangan. O’tgan yillarda ayniqsa ko’p ishlar fosh etildi.Tizim oshkora ekan, xalq bu illat haqida yaxshi biladi va uni ochiq muhokama qiladi",- deydi Lixtman.

"Korrupsiyaga berilgan arboblarni tergov qilamiz, javobgarlikka tortamiz va jazolaymiz, hatto eng oliy lavozimda o’tirgan insonlarni ham. Lekin ularning hammasini ushlanmoqda deya olmaymiz",- deydi Lixtman.

Barak Obama “prezidentlik davrimda korrupsiya va poraxo’rlikka qarshi keskin choralar ko’raman” deya va’da bergan.

“Marhamat, Rod Blagoyevich mashmashasi”, - deydi tahlilchilar, Obamaga so’zida tura olishini isbotlash uchun bir imkoniyat.

XS
SM
MD
LG