Inauguratsiya oldidan Barak Obamaning bozori chaqqon


Barak Obama prezidentlikka shaylanar ekan, AQSh bo’ylab chakana savdo chaqqon.

Inauguratsiya oldidan suvenir do’konlari juda gavjum.

Amerikaliklar yangi prezident va uning oilasini aks ettirgan sovg’alarni olishga oshiqmoqda.

Poytaxt Vashington ko’chma do’konchalarga to'la. Suvenir desangiz, labbay deydigan savdogarlar juda ko’p.

Suvenir do’konlari prezidentning idorasiga aylantirilgan. U yerda sizni Barak Obamaning o’zi kutib oladi. Maketi, albatta.

Xaridorlar ham o’zlarini prezidentdek his qilib, Obama nutq so’zlaydigan minbarda turib ko’rishlari mumkin.

Detroytlik Shelli Martinez Vashingtonga ish bilan kelgan.U esdalik uchun otasiga sovg’a tanlamoqda.

"Bu noyob sovg’a bo’ladi, bir umrga arzigulik", - deydi u.

Istasangiz Obamaning nomiga qo’yilgan sousdan tatib ko’rasiz, yoki golf to’plarini ermak qilishingiz mumkin.

Hamma Obamaga oshiq ekan, 50 sentlik qalamdan tortib, 9 ming dollarlik prezident stoligacha topasiz.

Barak Obama qiyofasidagi maket 40 dollar atrofida.

Jim Varlik suvenir do’konlardan oltitasini ochib qo’ygan.

"Tunu-kun ishlash uchun 75 nafar qo’shimcha sotuvchi yo’llayapman", - deydi u.

Varlik 250 ming dona znachokka buyurtma berganini aytadi.

Talab shunchalik kattaki, bu sovg’alarni ishlab chiqaruvchilar fabrikalar Vashingtonda filial ochmoqda. Talabni qondirish uchun.

"Eng yaxshi ketadigan suvenir bu znachoklardir. Qancha sotsangiz shuncha kam, qadri tushmaydi", - deydi u.

Sem Jun degan tadbirkor 30 yildan beri savdo qilayotganini aytadi.

"Obamaning inaguratsiya paytida Bushnikiga nisbatan 15 foiz ko’proq daromad qilsam kerak", - deydi u.

"Obama nomi va siymosi ancha daromadbop" , - deydi u.

Biroq qasamyod kuni ko’chma do’konchalarning soni 500 gacha qisqartiriladi. Shahar hokimiyati qarori bu.

Har bir do’konda 3 tadan odam ishlashi va ular maxsus xizmat tekshiruvidan o’tishi lozim.

Vashingtonlik Alis Andersonning aytishicha aksariyat odamlar suvenirlarni yosh avlod uchun esdalik deya sotib olyapti.

"Bular farzandlarimga va avloddan-avlodga o’tadi deya umid qilyapman. Axir bir ulkan tarixiy voqea-ku", - deydi vashingtonlik Alis.

Inaguratsiya kuni yaqinlasharlar, Amerika poytaxti yanada gavjum. Ko’chalar mehmonlarga to’la, do’konlarda savdo qizg’in.

Hamma AQShning ilk qora tanli rahbari nomi tushirilgan yoki uning tabassumi aks etgan biror narsani olish ilinjida. Tarixning bir parchasini o’zi uchun olib qo’yish niyatida.

XS
SM
MD
LG