Pentagon urush taktikalarini yangilamoqda


XXI asrda urush tushunchasi tubdan o’zgargan. Qo’shma Shtatlar Iroq va Afg’oniston kabi olovli nuqtalarda olib borayotgan harbiy harakatlarni partizan urushi deb tasvirlash mumkin.

Dushman – oddiy armiya emas, hech qanday tartib-nizomga bo’ysunmaydigan, qo’liga tushgan qurolni ishga solishga shay jangari va terrorchilar.

Pentagon, tabiiyki, AQSh kuchlarini ana shunday yangi sharoitga, g’ayrioddiy urushlarga tayyorlashga zo’r bermoqda. AQSh Mudofaa vazirligining bildirishicha bosqinchi va terrorchilarga qarshi ularning taktikasini qo’llab kurashgan ma’qul.

Buning uchun, deydi vazir Robert Geyts, dushman jang maydonida ko’radigan tadbirlar o’rganilib, unga qarshi harbiy strategiya ishlab chiqilgan. Jumladan maxsus kuchlarning muntazam qo’shin bilan birgalikda harakat qilishi yo’lga qo’yilmoqda.

"So’nggi chorak asr bizga saboq bo’ldi. Sovetlarning Afg’onistonda, Isroilning Livanda, AQShning Somali, Afg’oniston va Iroqda olib borgan urushi shundan dalolatki, isyonchi va terrorchi guruhlar doimo kattaroq, yaxshi tayyorgarlikdan o’tgan muntazam qo’shin ustunligini puchga chiqarish yo’lini topadi. Hatto ayrim davlatlar bizga qarshi bu taktikani qo’llashi mumkin",- deydi Geyts.

Harbiy tahlilchi Sem Brannen “endi Sovuq urushni unuting” deydi. AQSh armiyasini g’ayrioddiy urushlarga tayyorlash kerak.

"Vietnam, Afg’onistondagi urushlar allaqachon bizga dars bo’lishi kerak edi. AQSh qurolli kuchlari hamon avvalgidek, katta bir maydonda saf tortib dushman bilan yuzma-yuz to’qnashish tasavvuridan qutulgani yo’q",- deydi Brannen.

Bu usulda olib borilgan so’nggi urush, deydi Brannen, “Sahrodagi Bo’ron” deb nomlangan edi.Iroqning 1991 yilda Quvaytga qarshi ochgan urushi.

Maxsus tayyorgarlikdan o’tgan kuchlarning muntazam qo’shin bilan birga yurishini ta’minlash muhim masala, deydi tahlilchi Richard Vaytz.

"AQSh armiyasi urushga yangicha talqinda qarashga majbur. Bugun zamon, talablar boshqa. Shu bois jangari-isyonchi kuchlarga qarshi kurash doktrinasi ishlab chiqilgan. Pentagon davlat mudofaa strategiyasiga o’zgartirishlar kiritib, bu talablarga ahamiyatni oshirgan".

"Qay bir davrni olib qaramang, AQSh armiyasi urushga ko’p sonli piyoda askarlar, artilleriya va tanklar, jangovar samolyot qo’na oladigan kemalar va borbardimonchi samolyotlar bilan kirgan. Endi bu vositalarni yangicha urushga moslashtirish lozim".

Masalan, Sovuq Urush davrida qo’llangan ballistik raketalarni tashuvchi suvosti kemalar bugun qayta ta’mirdan o’tib, ularning roli ham o’zgarmoqda. Mudofaa vazirligi ularni harbiy dengiz kuchlarini quruqlikka yetkaza oladigan submarinalarga aylantirmoqchi.

Yangi strategiya mojaro zonalarida maktab, yo’l, kasalxonalar qurish, ya’ni oddiy aholiga sharoit yaratib berishni ham o’z ichiga oladi. Toki ular jangarilar safiga qo’shilmasin.

"Iqtisodiyot, qishloq xo’jaligi, ta’lim va huquq-tartibot sohalariga mutaxassislarni jalb qilamiz. Ular harbiylarga hamroh bo’ladi. Ham Iroq, ham Afg’onistonda ular katta ishlarni olib boryapti – ish o’rinlari yaratish, aholiga xizmat ko’rsatish, tinchlikni saqlash …",- deydi Bush.

Tahlilchi Sem Brannen fikricha esa ittifoqchi davlatlar armiyasini yangilash, salohiyatini oshirish kerak.

"AQSh okkupatsion kuch emas, dunyo tinchligi haqida qayg’uradigan davlat deb uqtirish kerak",- deydi Brannen.

AQSh qo’mondonlari, deydi Brannen, xorijiy davlatlarda mahalliy armiya bilan ishlash kerakligini yaxshi tushunadi. Ular dushmanni yengish yo’llari haqida bebaho ma’lumot bera oladi.

XS
SM
MD
LG