Broker 50 milliard dollarga teng qalloblikda ayblanmoqda


Dunyoda davom etayotgan moliyaviy krizis yaqinda tarixdagi eng yirik moliyaviy piramida faoliyatini fosh etdi. Ko’rilgan zarar miqdori – 50 milliard dollar.

Asosiy jabrdiydalar – jahonning eng badavlat odamlari, bank va oliygohlar hamda qator yahudiy xayriya muassasalar.

Ayblanuvchi - moliyachi-bankir, filantrop Bernard Madoff, sarmoyachilarni milliardlab dollardan ayirgan moliyaviy piramidaga 1970-yillarda asos solgan. Ish usuli oddiy – eski mijozlarga dividendlar yangi sarmoya hisobidan to’lab boriladi.

50 milliard dollar. AQSh moliya markazi Vol Stritda yillar davomida broker bo’lib ishlagan Bernard Madoff unga ishongan sarmoyachilarning ana shuncha pulini yo’q qilganlikda ayblanmoqda. Uning so’ziga laqqa tushganlar orasida yirik banklar, pensiya fondlari, boy va mashhur shaxslar.

Shulardan biri Mort Zukerman. Tadbirkor, Amerikada qator gazeta-jurnallar asoschisi. Xayriya uchun mo’ljallangan 30 million dollarini Madoffga ishonib topshirgan edi. “Sarmoya yo’qoldi. Asar ham qolmadi”, - deydi u.

Matbuot xabarlariga ko’ra mashhur kinochi, film ustasi Stiven Spilbergga tegishli Vunderkinder jamg’armasi ham ziyon ko’rgan. Jamg’armaning 70 foiz puli Madoff qo’lida edi.

70 yoshli broker Bernard Madoff ayni paytda uy qamog’ida saqlanmoqda. U jinoyatni bo’yniga olgach, o’z o’gillari uni politsiyaga topshirgan. Bank tizimida ancha ishlagan Villiam Saydman Madoff yuritgan operatsiyani tushuntiradi.

“Yangi mijozlardan jalb qilingan mablag’ foiz sifatida eski sarmoyachilarga to’lanadi. Muhimi, pul oqimi to’xtamasligi kerak”.

Tizim shu tariqa yillar davomida faoliyat yuritgan. Ammo iqtisodiy tanazzul avj olib, ayrim sarmoyachilar 7 milliard dollar mablag’ni qaytarishni so’ragach, moliyaviy zanjir uzildi.

Mijozlar muntazam ravishda yaxshigina foyda olib turgan bir mahalda, pul qayerdan kelayotgani bilan hech kim qiziqmagan, deydi advokat Jek Blum.

“Madoff pul qilish tilsimini o’zi bilgan xolos. Hech kimga boy bermagan. Sehrgar desa ham bo’ladi”.

Madoffning kompaniyasi omonatchilarga dividendlar bo’yicha izchil, ammo soxta ma’lumot berib turgan.

Vol Strit moliya markazida nom qozongan Bernard Madoffni ko’proq Nyu-York fond birjasining sobiq rahbari sifatida tanishadi. Shuning uchun bo’lsa kerak, Shotlandiya, Britaniyaning yirik banklari unga ishonib, firmasiga bir milliard dollargacha sarmoya qilgan. Yaponiyaning Nomura korporatsiyasi, Ispaniyaning Santander banki 3 milliard dollar yo’qotgani ma’lum.

Jabrdiydalar, shuningdek, Florida shtatida badavlat aslzodalar qatnaydigan, Atlantika okeani bo’yidagi klub a’zolari. Aksariyati pensionerlar.

76 yoshli Arnold Sinkin 54 yildan beri gilam biznesi bilan shug’ullanib, boylik orttirgan. U ko’rgan zarar - bir million dollar. “Yig’ib qo’ygan pulimizni havoga sovurdik hisob”, - deydi tadbirkor.

Uzoq davom etgan qalloblik qanday qilib shuncha yildan beri aniqlanmadi?

Vol Stritda javobgarlik yo’qmi deb so’rayotganlar safi kengayar ekan, AQSh qimmatli qog’ozlar bozorini nazorat qiluvchi komissiya rahbari voqea yuzasidan uzr so’ragan. Idora Madoff ustidan tushgan ariza-shikoyatlarga tayanib, allaqachon tekshiruv boshlashi kerak edi.

Qonunchilar ham hayron. Komissiya nega ogohlantirishlarga ko’z yumdi, deb so’raydi ular.

“Madoff broker sifatida ro’yxatda bo’lgan. U nima bilan shug’ullanayotganini komissiya bilishi kerak edi”, - deydi respublikachi senator Charlz Grassli.

Ajablanarli tomoni shundaki, Madoff bozordagi ahvolga qaramay dividendlarni uzmasdan to’lab borardi, deydi Jim Vos, sarmoya kompaniyasi xodimi. Mijozlarini Madoffdan uzoqroq yurishga chaqirganlardan biri.

“Firma faoliyati bizga shubhali tuyuldi. Dalil-isbot bo’lmasa-da, firibgarlik alomatlari ko’zga tashlanib turgandi”.

Moliyaviy mutaxassislarga qaraganda Madoff yuritgan fondlarga sarmoya kiritganlar endi pulini undirib olishi amrimahol. Tergovchilar haligacha kim qancha zarar ko’rganini hisoblash bilan band.

XS
SM
MD
LG