Isroil Xamasga qarshi hujumlarni davom ettirmoqda, 400 kishi o'lgan


Isroilning G'azo Sektorida Xamas guruhiga qarshi hujumlari davom etar ekan, Yaqin Sharq bo'ylab Isroilga qarshi namoyishlar bo'lib o'tmoqda.

So'nggi uch kun ichida Isroil hujumlaridan taxminan 400 falastinlik halok bo'lib, minglab odamlar jarohat olgan.

Ammo G'arb Xamasni Isroilga raketa otganlikda ayblab, tomonlarni sulhga chaqirmoqda.

Eronda namoyishchilar Isroil bayroqlarini yoqqan. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Isroil hujumlarini genotsid deb atamoqda.

Livanda ham namoyishlar. Hizbulloh yetakchilari motam e'lon qilgan.

Misrda esa "Musulmon birodarlar" partiyasi tomonidan Isroilga qarshi uyushtirilgan namoyishda minglab odamlar ishtirok etgan.

Biroq G'arb davlatlari zo'ravonliklarda Xamasni ayblamoqda.

Oq uy matbuot kotibi Gordon Jondroning aytishicha, Xamas o'z harakatlari bilan terrorchi tashkilot ekanini yana bir bor isbotladi. Germaniya kansleri Angela Merkelning aytishicha, Xamas Isroil bilan sulh bitimini buzgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ikkala tomonni zo'ravonliklardan va tinch fuqarolarni nishonga olishdan o'zini tiyishga chaqirmoqda.

"Isroil o'zini-o'zi himoya qilish huquqiga ega ekanini tan olsamda, uning G'azoda keragidan ortiqcha kuch ishlatganini qoralayman," deydi bosh kotib.

Ammo Isroil Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni hujumlar davom etadi demoqda.

"Fuqarolarimizning tinchligini ta'minlashimiz kerak," deydi Livni.

Isroil G'azo atrofidagi hududlarni yopiq harbiy zona deb belgilagan, ya'ni bu yerda istalgan payt Isroil hujumlarini kutish mumkin.

Isroil tank va bronetransportyorlarini G'azo chegarasi yonida to'plagan, ammo hali yerdan hujumga o'tmagan.

XS
SM
MD
LG