Tojikiston xalqi Barak Obamaga umid bilan qaramoqda


Tojikiston Amerikada musulmon va qora tanli ota, nasroniy va oq tanli ona farzandi – Barak Obama prezidentlikka saylanganidan hamon hayratda.

AQShning bo’lajak rahbari shu kunlarda oddiy xalq og’zidan tushmay qolgan.

Тоjikistonda ko’pchilik Amerika tarixida ilk bora qora tanli prezident etib saylanganini demokratiyaning yuksak nishonasi deb baholasa, ba’zilar AQSh hayotida katta o’zgarish bo’lishiga ishonmaydi.

Tojikistonlik jurnalist, “Eronsharq” informasion saytining hamkori Nabiyolloh Barak Obamaning prezidentlikka saylanishini Amerika tarixidagi inqilob deb baholaydi.

“Oq uyga qora tanli Obamaning yo’l topa olgani Amerika tafakkuridagi inqilobdir. Amerika fuqarolari, xususan, yoshlari butun dunyoga mamlakatda haqiqiy demokratiya mavjudligini isbotlab berdilar. AQShda xalq hokimiyati mavjudligi, mamlakatning oliy lavozimi odil saylovlarda tanlanishi yana bir bor isbotini topdi. AQSh tarixida yangi shonli sahifa ochilmoqda. Bu kabi saylovlar MDH davlatlatlarida yaqin o’rtada bo’lishiga ishonish qiyin”, - deydi Nabiyolloh. Tojikistonda ko’pchilik uning fikriga qo’shiladi.

“Biz nafaqat saylovda, balki o’zaro muloqot va oddiy yig’inlarda ham madaniyat qanday bo’lishini amerikaliklardan o’rgansak arziydi. Garchi musulmonchilik odoblari G’arb madaniyatini tan olmasa-da, Tojikistondagi bugungi ko’rinish insonni uyaltiradi. Amerika dunyoga o’rnak bo’la olishini yana bir bor isbotladi”, - deydi nomini aytishni istamagan tojikistonlik ziyoli.

Amerikada hech narsa o’zgarmaydi deb fikrlovchi tojikistonlik ziyolilar ham bor. Xo’jand shahridan iqtisodchi Muxtor Ahrorovning fikri ana shunday.

“Barak Obama o’zidan oldingi prezidentdan juda katta muammolarni meros qilib olmoqda. Hozir Markaziy Osiyoga Rossiya ta’siri beqiyosdir. Keyingi 2-3 yilda bizning mamlakatlarimiz kim bilan bo’lishini, qanday yo’lni qattiq tutishni tanlab olishlari zarur. Bizning o’lkada qudratli davlatlarning manfaatlari yana to’qnashadi deb o’ylayman”, - deydi Muxtor Ahrorov.

Jurnalist Nabiyollohning aytishicha, Barak Obama AQShning Markaziy Osiyoga siyosatida ijobiy o’zgarish yasaydi.

“Ammo Rossiya bilan munosabatlar masalasida bir nima deyish qyin. Chunki tashqi siyosat o’zgaruvchan. Guantanamodagi qamoqxonani yo’qotish, Iroqdagi urushga xotima qo’yish va Falastinga ko’mak berish bilan Barak Obama Rossiyadagi ko’pgina ta’sirli doiralar ishonchini qozonishi mumkin. Shu tufayli, ehtimol, bu ikki yirik davlat do’stona munosabatlarning yangi pog’onasiga o’tishi mumkin”, - deydi Nabiyolloh.

XS
SM
MD
LG