Rossiya Ukrainaga gaz ta'minotini to'xtatgan


Rossiya Ukrainaga gaz ta’minotini to’xtatgan. Tomonlar qarz va narx masalasida bir to’xtamga kelmagan. Biroq Rossiya Ukraina orqali Yevropaga gaz eksportini davom ettiradi.

Bugun tongdan binoan Rossiya Ukrainaga gaz bermay qo’ygan.

Gazprom rasmiysi Sergey Kupriyanov so’zlariga ko’ra, Ukraina Rossiyadan 2 million dollar qarz.

Biroq Ukraina bu raqam oshirib ko’rsatilgan, deydi. Buning ustiga, ukrainlar qishni eson-omon o’tkazib olish uchun yetarli gaz g’amlab qo’ygan.

Ukraina Bosh vazirasi Yuliya Timoshenko yordamchisi Oleksiy Xudima fikricha, Kiyevning qarzi 1 milliard dollardan kam. Milliy valyuta – grivna qadrsizlangani uchun Ukraina qarzni dollarda to’lashga ojiz, deydi u. Biroq gap pulda emas, Kreml vaziyatdan siyosiy maqsadda foydalanmoqda, deydi Xudima.

Rossiya Ukrainaga gaz bermay qo’yib, Yevropani ham bu ne’matdan mahrum qilishi mumkinligiga sha’ma qilmoqda, deydi u.

“Gaprom” matbuot kotibi Sergey Kupriyanovning aytishicha, muammo gaz narxida emas, Ukraina bilan yangi bitim imzolash mumkin. “Ammo ukrain davlat kompaniyasi – Naftogaz bunga hozircha tayyor emasga o’xshaydi”, - deydi Kupriyanov.

Lekin Ukraina hukumati kelishmovchilik aynan gaz bahosi yuzasidan vujudga kelganini qayd etmoqda.

Ukraina rasmiylariga ko’ra, Rossiya har ming kubometr gazni 250 dollarga sotmoqchi. Biroq Ukraina orqali Yevropaga o’tuvchi gaz uchun Rossiya 2 baravar kamroq haq taklif qilgan. Ukraina 201 dollardan ko’pga rozi emas.

G’azprom esa Yevropaga ko’proq mahsulot uzata boshlagan.

“G’arbiy Yevropaga kuniga 326 million kubometr gaz eksport qilishni boshladik”, - deydi Sergey Kupriyanov.

Kupriyanov ta’biricha, Rossiya Ukrainaga yechim taklif qilgan. Xususan, Rossiya Ukraina orqali o’tuvchi tranzit gazi uchun oldindan haq to’lashga tayyor. Shuning evaziga qarzni yopish mumkin, deydi Kupriyanov.

Tranzit gazi deganda Rossiyadan Ukraina orqali Yevropaga o’tuvchi gaz quvuri nazarda tutilmoqda. Ukraina hududidan o’tgan bu quvur uchun Kreml pul to’lab keladi.

Biroq bu haq hozir to’lab qo’yilsa, Ukraina foydadan yutqazadi, deydi tahlilchilar. Chunki kelasi yil tranzit to’lovi oshishi mumkin.

XS
SM
MD
LG