Breaking News

Obama Yaqin Sharqda neytral siyosat yurita oladimi?


Arab-yahudiy tinchlik jarayoniga Amerikaning Jimmi Karter davridan beri deyarli har bir prezidenti vositachilik qilib keladi.

Bugun bu vazifa yanada chigal – nafaqat G’azodagi xunrezlik sabab, balki ham Isroil ham Falastindagi ichki siyosiy o’yinlar tinchlikka yo’l bermayapti. Arablarning umid qilishicha Barak Obama Falastin taqdiriga befarq bo’lmaydi. Uning prezidentlikka kelishiga sanoqli kunlar qoldi.

Prezident Jorj Bush fikricha Isroil va Falastin o’rtasida tinchlikka erishish har ikki tomonning siyosiy irodasiga bog’liq. “Mas’uliyatli ular his etishi kerak”, - deydi Bush.

Biroq u rahbarlik qilgan so’nggi sakkiz yil mobaynida AQSh Isroilni va falastinlik jangarilarni yo’q qilishga qaratilgan barcha harbiy operatsiyalarni to’la quvvatlab keldi. Bugun G’azoda qon to’kilishida ham AQSh Xamasni ayblamoqda.

“Xamas singari terrorchi tashkilotdan nima kutish mumkin”? - deb so’raydi Oq uy so’zlovchisi Gordon Jondro. “Guruh Isroilga raketa hujumlarini to’xtatib, sulh bitimiga ko’nsin. Zo’ravonlikka chek qo’yishning yo’li shu”.

Mutaxassislar nazarida, Isroilning Bush muddati tugayotgan bir mahalda G’azoni bombardimon qilayotgani bejiz emas.

Tahlilchi Pol Shram deydi-ki “Isroil Mudofaa vaziri general Yaxud Barak imkoniyatdan foydalanib qolyapti. Ya’ni Barak Obama lavozimiga kirishganida Isroil bu masalada ustun pozitsiyani qo’lga kiritib ulgurgan bo’ladi”.

Arab dunyosida ko’pchilik prezident Bushni tarafkashlikda, Falastinga nisbatan noxolis niyat va siyosatda ayblaydi.

“Obama AQShning adolatli vositachi degan nomini tiklasin, Bush xatolarini takrorlamasin”, - deydi Nihad Avad, AQSh-Islom Kengashi rahbari. “Isroilga bosim o’tkazilishi shart”.

Saylov kampaniyasi cho’gida Obama Quddusda bo’lib, Isroil xalqiga murojaat qilgan va “Amerika sizni quvvatlashda davom etadi” degan. Obama nazarida Isroil o’zini himoya qilishga haqli, lekin barqarorlikka erishish uchun qo’shnilar bilan uzoq muddatni ko’zlovchi tinchlik bitimlari imzolanishi va Falastin xalqi bilan yonma-yon ahillikda yashash uchun zarur barcha qadamlar qo’yilishi kerak.

Saylov o’tdi. G’alaba nishonlandi. Yangi prezident o’shandan beri biror yangi narsa aytgani yo’q. Obamaning ta’kidlashicha, Amerikani bir vaqtning o’zida ikki rahbar boshqarmaydi. Hozircha Oq uy prezident Bush qo’lida.

XS
SM
MD
LG