Rossiya-Ukraina gaz mojarosi tufayli Yevropa zarar ko'rmoqda


Rossiyaning Ukrainaga tabiiy gaz ta’minotini uzib qo’ygani Yevropa Ittifoqida xavotir bilan qarshi olingan.

Muxbirimiz Pyotr Fedinskiy xabariga ko’ra Moskva-Kiyev o’rtasida gaz narxi va qarzlar bo’yicha kelishmovchilik Yevropadagi mizojlarga ham ta’sir qila boshlagan.

Rossiyadan olinadigan gaz hajmi Vengriyada 25 foiz, Polshada 6 foiz va Rumininiyada 40 foizgacha kamaygan. Yevropa Ittifoqi raisligini qabul qilgan Chexiya masalani 5 yanvarda Pragada muhokamaga qo’ymoqchi.

G’arbiy Yevropa gazning deyarli 25 foizini Rossiyadan xarid qiladi. Quvurlar Ukraina orqali o’tgan.

Rossiya 2009 yilda Ukrainaga sotadigan gaz narxi bo’yicha kelisha olmayapti. Gazprom kompaniyasi rahbari Aleksey Miller izohicha, dastlabki muzokaralarda rasmiy Kiyev har ming kubometr gaz uchun 250 dollardan to’lash taklifini rad etgan. Shunday ekan, Gazprom 1 yanvardan gazni Ukrainaga yangi narxda sotmoqchi – har ming kubometr uchun 418 dollardan.

Buning ustiga, deydi Miller, Ukraina gaz uchun 614 million dollar qarzini to’lamagan va Yevropa uchun mo’ljallangan gazning bir qismini o’zlashtirmoqda. Ukraina bu ayblovlarni rad etadi.

Prezident Viktor Yushenkoning aytishicha, agar Rossiya gaz narxini oshirish niyatidan qaytmasa, Kiyev ham tranzit tarifflarini oshirishga majbur bo’ladi.

2006 yilda ham xuddi shunday janjal ortidan Ukrainaga gaz uzib qo’yilishi Yevropa bo’ylab ta’minotga ta’sir qilgan edi. Navbatdagi kelishmovchilik sabablarini tushuntirish uchun ham Rossiya, ham Ukraina Yevropaga o’z vakillarini jo’natmoqda.

XS
SM
MD
LG