Breaking News

Isroil G'azoga piyoda qo'shin kiritdi, o'lganlar soni oshmoqda


Isroil G’azo sektorida hukmron Xamas jangari guruhiga qarshi harbiy operatsiyasini kengaytirib, yerdan hujumga o’tgan.

Guvohlarga qaraganda minglab harbiy va tanklar chegarani kesib o’tib, shimoldagi G’azo shahrini o’rab olgan. Hududning turli burchaklarida Xamas kuchlari va Isroil askarlari o’rtasida otishma ketayotgani ma’lum.

Isroil armiyasining aytishicha, 30 askar jarohatlangan, Xamas a’zolaridan bir nechasi o’ldirilgan. G’azoga hujum boshlanganidan beri talofatlar 500 ga yetgan. Yaradorlar ikki mingdan oshiq. G’azo sektorida 1,5 million odam yashaydi.

Isroil artillertiya, tank va piyoda askarlari G’azoga tun qorong’usida kirib, hudud bo’ylab, jumladan G’azo shaharchasi atrofida o’rnashib olgan. Hudud operatsiya natijasida ikki qismga – shimol va janubga bo’linib qolgani aytilmoqda.

Isroil Mudofaa vaziri Yaxud Barakning ta’kidlashicha “missiyadan maqsad Xamasning Isroilga hujumlarini to’xtatish, ya’ni guruhni harbiy salohiyatidan ayirish”.

Isroil havo kuchlari o’tgan haftadan beri Xamasga tegishli inshootlar, unga Misrdan qurol-aslaha va oziq-ovqat yetkazuvchi tunnellar hamda guruh rahbarlarini nishonga olmoqda. Zaxiradagi minglab harbiylar xizmatga chaqirilgach, Isroil armiyasining yerdan hujumga o’tishi kutilgan edi.

Xamas rahbarlaridan biri Xolid Mash’al Isroil harbiylarini G’azoda o’lim kutmoqda deya ogohlantirgan. Isroil rasmiylari Xamas hujumlaridan toqati toq bo’lganini, guruhga zarba berishdan o’zga chora yo’qligini aytadi.

So’nggi paytlarda Xamas tobora uzoqroq masofaga ucha oladigan raketalarni qo’lga kiritib, Isroil shaharlarini nishonga olayotgan edi. Bu hujumlardan 4 kishi o’lgan.

G’azodagi uy-joy va masjidlarning portlatilishi, vayronagarchilik hamda falastinliklarning dodu-faryodi mintaqa bo’ylab televideniyelar orqali namoyish etilmoqda. Turli davlatlarda ommaviy namoyishlar avj olib, zo’ravonlikni darhol to’xtatish talabi qo’yilmoqda.

Isroil hujumlarni to’xtatmoqchi emas, sulh haqida ham gap ketayotgani yo’q, deydi rasmiylar.

Qo’shma Shtatlar zo’ravonlikda to’g’ridan-to’g’ri Xamasni ayblamoqda. Ertaga mintaqaga Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi tashrif buyuradi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Chexiya Tashqi ishlar vaziri Karel Shvartsenburg Misr, Isroil, Iordaniya va Suriyada bo’lib, tinchlik muzokaralari olib boradi.

BMT Xavfsizlik Kengashi ham favqulodda majlis o’tkazmoqda. Ammo zo’ravonlikka zudlik bilan chek qo’yish haqidagi rezolyutsiya AQSh vetosi tufayli ovozdan o’tmagan.

XS
SM
MD
LG