Turkiya usta vositachi sifatida nufuzini oshirmoqda


Ga'zo sektorida Isroil hujumidan o'lganlar soni soat sayin oshar ekan, xalqaro hamjamiyat Isroil va Xamasni sulh tuzishga undamoqda.

Mojaroni hal qilishda, deydi siyosatdonlar, har ikki tomon bilan va mintaqa davlatlari bilan do'stona aloqaga ega Turkiyaning roli muhim.

Mojaro boshlanganidan beri Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog'an Suriya, Iordaniya, Misr va Saudiya Arabistoniga safar qilgan. U Xamas rahbarlari va Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod bilan ham muloqot ilib bormoqda.

Tahlilchilar fikricha Rajab Toyip Erdog'an ko'rsatayotgan diplomatik jonbozlik ko'proq Turkiya ommasining kayfiyati va Ga'zo aholisiga xayrihoxligi bilan izohlanadi. Shu kunlarda mamlakatda Isroilga qarshi norozilik namoyishlari avjida.

Erdog'an a'zo Adolat va Taraqqiyot partiyasi boshchiligida Turkiya so'nggi yillarda Yaqin Sharqda diplomatik mavqeini yuksaltirishga muvaffaq bo'ldi, deyiladi "Washington Times" gazetasida bosilgan maqolada.

Mamlakatning mintaqadagi asosiy o'yinchilar bilan do'stona munosabati hamda NATOga a'zoligi uni asosiy vositachiga aylantirdi.

Masalan, o'tgan yildan beri Turkiya shafe'ligida Isroil-Suriya muzokaralari o'tkazib kelinadi. Biroq Isroil G'azoni o'qqa tutgach, hozircha to'xtatilgan.

Turkiya hatto AQSh va Eron o'rtasida vositachilik qilishi mumkin degan takliflar ham olg'a surilmoqda.

Turkiya bosh vaziri maslahatchisi Ahmad Dovudo'g'li ta'biricha tashqi siyosatda ushbu yo'nalishni mamlakatning qulay geografik joylashuvi, o'tmishda islom dunyosida tutgan muhim o'rni hamda G'arbga moyilligi belgilab beradi.

Ayrim siyosatdonlar bu doktrinani Turkiyaning bir paytlar Usmoniylar imperiyasiga kirgan dalvatlarda o'z nufuzini oshirishga intilish deb ham baholamoqda.

XS
SM
MD
LG