Breaking News

Ahmadinajod bilan hozircha hech kim bellashmoqchi emas


Eronda prezident saylovi yaqinlashar ekan, diniy tuzumni isloh qilish kerak deya chiqayotgan yosh avlod vakillariga tazyiqlar kuchaygan.

Iyun oyida o’tadigan saylovda amaldagi prezident Mahmud Ahmadinajodga qarshi kim maydonga chiqishi noma’lum.

Ammo ehtimoliy nomzodlar orasida sobiq prezident Muhammad Xotamiy ham tilga olinadi.

Islohotchilarni yoqlab chiqayotgan gazeta va jurnallar bosim ostida. “Kargozaran” nashri yolg’on ma’lumot tarqatganlikda ayblanib, yopib qo’yilgan.

Dekabr oyida Xotamiy Tehron Universitetida so’zlaganida bu dargohga minglab yoshlar yig’ilgan. Ushbu universitet bugun Ahmadinajod tanqidchilari to’planadigan maskan deya ta’riflanadi.

Prezidentning tarafdorlari shu kunlarda inson huquqlari himoyachisi, Nobel mukofoti sovrindori Shirin Ibodiyning uyi oldida uni qoralab, namoyishga chiqqan. Ibodiy amaldagi prezident va diniy hukumatning ashaddiy tanqidchilaridan biri. Shirin Ibodiy fikricha Xotamiy erkin fikrlashga qodir inson.

Biroq Eronda Oyatulla va Islomiy Kengash hukmron ekan, prezident kim bo’lishidan qat’iy nazar biror o’zgarish bo’lishi qiyin, deya yozadi “Nyu-York Tayms” gazetasining Tehrondagi muxbiri Nazila Fathiy.

Iqtisodiy ahvol yomon ekan, Eron xalqi orasida siyosiy faollik sust. Oilasini boqishga qiynalayotgan aholiga huquq uchun kurashish va dindorlarga qarshi turish oson kechmaydi. Eron, atom dasturi yuzasidan bugun BMT Xavfsizlik Kengashining uch sanksiyasi ostida.

Xalqaro maydonda Ahmadinajodni quvvatlovchi davlatlar juda kam. Bu tabiiy, deya mushohada yuritadi eronlik ziyolilar, chunki Ahmadinajodni o’z yurtida ham ko’pchilik yoqtirmay qo’ygan. Eron xalqi o’zini xushmuomala va izzatgo’y jamiyat deb biladi. Ahmadinajodning Isroil va AQShga qarshi, qolaversa boshqa madaniyat va dinlarga nisbatan haqoratomuz gaplari ommaning me’dasiga tegib ketgan, deydi eronlik sharhlovchilar.

XS
SM
MD
LG