Breaking News

O'zbekiston: Isroil-Xamas mojarosi muzokara orqali hal qilinsin


O'zbekiston hukumati G’azo sektoridagi ahvol bo’yicha jamoatchilik nomidan bayonot berar ekan, tomonlarni kuch ishlatmaslikka, muzokaraga chaqirgan.

Tan olinmagan muxolifat XAMAS hujumlarini rad etmasa-da, bu Isroil harbiy amaliyoti uchun asos bo’la olmaydi, demoqda.

“Hozirgacha 560 kishi qurbon bo`lgan, ko’pi ayollar, bolalar. Biroq agressiyani to`xtatish haqidagi chaqiriqlarga qaramasdan Isroil hech kimni pisand qilmayapti. Unga nisbatan rivojlangan davlatlar sanksiya qo`llashi kerak”, - deydi “Birlik” partiyasi faoli Hamdam Sulaymon.

“Isroil zulm o`tkazayapti. Isroilda ham, Falastinda ham ichki ziddiyat bor”, - deydi “Erk” partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripov. G’azoda hukmron Xamas nafaqat Isroil, balki Fath bilan ham til topisha olmay keladi.

Faollar nazarida boshqa olovli nuqtalarda zudlik bilan chora ko’rayotgan xalqaro tashkilotlar G’azo sektoriga kelganda ojizlik qilmoqda. “BMT zudlik bilan chora ko`rishi kerak, Isroilga ultimatum qo`yish kerak”, - deydi ular.

Yaqin Sharq G’arb va Sharq ixtilofini kuchaytiruvchi nuqtalardan biri. Hozircha bu muammoni hal etish yo’lidagi urinishlar samara bermayapti. Faollar ta’biricha, ziddiyat ildizini Isroil davlatini tashkil etish qarorida, tarixiy voqealarda izlash kerak.

“Isroil bilan birga Falastin davlati ham barpo etilishi kerak edi”, - deydi Otanazar Oripov.
Hamdam Sulaymonning aytishicha, Isroil davlati tashkil topishida muhim rol o’ynagan AQSh, Angilya va sobiq Sovet ittifoqining hozirgi vorisi muammo ustida bosh qotirib, yechim topishi kerak.

6 yanvar kuni O'zbekiston G’azo sektoridagi voqealar yuzasidan O`zbekiston jamoatchiligi nomidan bayonot berdi. Tan olinmagan muxolifat “mazkur bayonot jamoatchilik munosabatini ifoda etmaydi” demoqda.

“Hukumat va Isroil aloqalari yaxshi; Isroildan yordam olinayapti. Rasmiylar Isroilni qo`llab-quvvatlashi mumkin, lekin bu haqda ochiq ayta olmaydi”, - deydi Otanazar Oripov.

G`azo sektoridagi harbiy to’qnashuvlar bo’yicha MDHda hukmron fikrni o’rgangan “Russkaya Izrail” nashriga ko’ra, rasmiy Toshkent pozitsiyasi Isroil tomonidan xayrixohlik bilan qarshilangan.

Bu nashr Ozarbayjon pozitsiyasini bir yoqlama deb baholaydi.

Boku Isroilning Ga`zodagi harbiy harakatlarini ochiq qoralagan. Ukraina nazarida Isroil haddan ortiq ko’p kuch ishlatmoqda.

Nashrda yozilishicha, Belarus pozitsiyasi xolisligi bilan, O'zbekiston pozitsiyasi esa musulmon davlatlari ichida eng bosiqligi bilan ajralib turadi.

“Russkaya Izrail” xulosasiga ko`ra, O'zbekiston Isroil bilan aloqani buzmoqchi emas.

XS
SM
MD
LG