Breaking News

Ozarbayjon: Nabukkoga jiddiy qarash payti yetdi


Yevropa Ittifoqi Rossiya va Ukraina rasmiylari muzokara qilar ekan, gaz ta’minoti tiklanadi degan umid bor.

Ukrainaga tabiiy gaz ta’minoti uzilgach, Rossiya gazi Yevropa Ittifoqiga ham yetib bormayapti.

Bu kabi muammolar birinchi marta kuzatilayotgani yo’q. Mutaxassislar nazarida Yevropa Kavkaz va Markaziy Osiyo energiya zaxiralarini G’arbga yetkazishning muqobil yo’llarini rivojlantirish kerak.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Gazprom boshlig’i Aleksey Millerning tavsiyasi asosida Ukrainaga gaz ta’minoti to’xtatilganligini aytganidan buyon gazning deyarli 25 foizini Rossiyadan xarid qiluvchi Yevropa davlatlari yo butunlay gazsiz qolgan yoki mahsulot miqdori keskin qisqargan. Yevropa hozir Moskva va Kiyev o’rtasidagi kelishmovchilikni bartaraf qilishga urinmoqda.

Yevropalik iqtisodchi Tomas Mayerning aytishicha, Yevropa bilan mavjud tijoriy aloqalarni saqlab qolishni istayotgan Rossiya va Ukraina yaqinda kelishib olishi mumkin.

"Gaz ta’minoti to’xtatilgani, ayniqsa Sharqiy Yevropaga ta’sir qilganini qayd etgan iqtisodchi, gazini Belarus orqali olayotgan Germaniyada bu uncha sezilmaganini alohida eslatgan",- deydi Mayer.

Yevropa gaz va neft bobida Rossiyaga qaram ekan, Kavkaz va Markaziy Osiyo energiya manbalarini bu davlat aralashuvisiz G'arb bozorlariga olib boruvchi Nabukko quvuri rejasi yana muhokamada. Nabukko mintaqa neft va gazini Turkiya, Bolgariya, Ruminiya, Vengriya orqali Avstriyaga yetkazadi.

Nabukko quvuri orqali o’z nefti va gazini Yevropaga yetkazishga urinayotgan Ozarbayjonning Sanoat va energetika vaziri Notiq Aliyev deydiki, hozirda Turkiyaga gaz miqdorini ko’paytirish harakati ketmoqda.

“Kaspiy mintaqasidagi Shohdengiz manbalaridan to’liq foydalanish orqali Gretsiyaga ham deyarli shu miqdorda gaz ekport qilish mavzusi ko’rilyapti”,- deydi Aliyev.

Uning fikricha Kavkaz va Markaziy Osiyo zaxiralarini G’arbga Rossiyani chetlab o’tgan holda yetkazishi rejalangan Nabukko loyihasini quvvatlash kerak.

“Yaqin Sharqdagi qiyinchiliklar nazarga olinib, taklif etilayotgan proyektga Ozarbayjon qatorida Turkmanistan va Qozog’iston ham qo’shilishi darkor”,- deydi Ozarbayjon sanoat va energetika vaziri.

Rossiyaning Ukrainaga gazni uzib qo’yishi negizida siyosiy sabablar yotganini ta’kidlayotgan mutaxassislar nazarida hozir Nabukko loyihasini amalga oshirish ayni muddao bo’lar edi.

“Yevropa Ittifoqi o’z vaqtida Nabukko dasturini yoqlaganida edi, gaz uchun faqatgina Rossiyaga qaram bo’lmas edi. Yevropa bir tomondan alternativ yo’llar qidirayotgangan bo’lsa, ikkinchi tomondan Rossiya taklif qilgan loyihalarni quvvatlamoqda”,- deydi turkiyalik tadqiqotchi Sinan Og’an.

Yevropa Ittifoqi aniq bir pozitsiyada turishi va hozirgi muammolardan tegishli xulosa chiqarishi kerak, deydi Ogan, aks holda vaziyat yanada og’irlashadi.

XS
SM
MD
LG