BMT rezolyutsiyasiga na Isroil, na Xamas amal qilyapti


Isroil BMT rezolyutsiyasiga qaramasdan G’azodagi harbiy operatsiyani davom ettiradi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Yaxud Olmert e’lon qilgan.

Har ikki tomonni hujumlarni to’xtatishga chaqirayotgan bu hujjatga Xamas jangarilari ham bo’ysunmoqchi emas.

G’azo sektorida ahvol o’ta og’ir, deydi mahalliy shifokorlar. Kasalxonalarda dori-darmon, suv, elektr toki yo’q. Buning ustiga BMT insonparvarlik agentligi ishini to’xtatishga majbur. Isroil harbiylari yordam ortilgan mashinalarni o’qqa tutgani xabar qilingach, tergov boshlangan.

Arab mamlakatlari, AQSh, Britaniya, Fransiya o’rtasida 3 kunlik qizg’in muzokaralar ketidan, BMT Xavfsizlik Kengashi G’azodagi operatsiyani to’xtatib, yordam olib kirish to’g’risida rezolyutsiya qabul qildi. Ammo bu chaqiriqlar qanchlik ish berishi noma’lum.

Isroilning eng yaqin ittifoqchisi AQSh hujjatga ovoz bermagan. Sabab, deydi Davlat kotibasi Kondoliza Rays, zo’ravonlik Xamasning aybi.

O’tgan yili G’azo sektorini bosib olgan bu guruh tinchlik haqida gapirishni istamaydi. AQSh, shuningdek, Misr olib borayotgan muzokaralar natijasini kutmoqda.

“Qo’shma Shtatlar, umuman olganda, BMT rezolyutsiyasining matni va maqsadlariga qarshi emas. Shu bois unga veto qo’ymadi”, - deydi Kondoliza Rays.

Tomonlar o’rtasida sulh tuzib, Isroilni o’z harbiylarini G’azodan olib chiqishiga undagan bu hujjatga BMT Xavfsizlik Kengashining AQShdan tashqari barcha a’zolari ovoz bergan. Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod Maliki fikricha AQSh pozitsiyasidan ko’pchilik hayron.

“AQShdan barcha qatori G’azodagi xunrezlikni to’xtatish uchun ovoz berishni kutgan edik”, - deydi Falastin rasmiysi. “Ammo endigi vazifa qaror ijrosini ta’minlash”.

Arab mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari rezolyutsiya qabul qilinganidan mamnun, ammo Isroil unga amal qilishiga ishonch past.

Isroil havo kuchlari bugun G’azoda 50 dan ziyod manzilni nihonga olib, 12 falastinlikni o’ldirgan. Xamas ham Isroil janubiga raketa otishdan to’xtamayapti. BMT Inson huquqlari kengashi ham G’azoda, ham Isroilda urush jinoyatlari haqida gap ochgan. Sektorda hozirgacha 750 falastinlik, Isroil tomondan esa 18 kishi o’lgani ma’lum.

Bush ma’muriyati Ga’zodagi vaziyat yuzasidan xavotir bildirgan bo’lsa-da, Isroil o’zini himoya qilishga haqli deb hisoblaydi. AQSh Senatida qabul qilingan hujjatda ham shu fikr aks ettirilgan.

XS
SM
MD
LG