Breaking News

Rossiya qarorlari G'arbda keskin tanqid ostida


Yangi kelishuv imzolandi, lekin Ukraina hamon ta'minotdan mahrum

Rossiya Yevropaga gaz oqimi mustaqil kuzatuvchilar tomonidan nazorat qilinadi deb chiqqach rasmiy Kiyev va Kreml orasidagi aloqalar yanada keskinlashgan edi.

Lekin Gazpromning ma’lum qilishicha, Ukraina bu boradagi bitimga qo’l qo’ygan. Shu bilan Yevropaga ta’minot tiklanishi tez orada tiklanishi kutilmoqda.

Rossiya Bosh vaziri Putin va Ukraina Bosh vazirasi Yulia Timoshenko o’rtasidagi muzokaralarga Yevropa Ittifoqining yangi raisi Chexya Bosh vaziri Mirek Topolanek vositachilik qilgan.

Yulia Timoshenkoning qayd etishicha yangi imzolangan bitim doirasida Yevropa Ittifoqi vakillari Rossiyaning eksport punktlari va Ukrainadagi barcha gaz markazlarini kuzata oladi.

Rossiya Ukrainani Yevropaga u orqali uzatiladigan gazni o’g’irlaganlikda ayblab, eksportni to’xtatib qo’ygan. Natijada Sharqiy Yevropadagi ayrim davlatlar qahraton qishda issiqliksiz qolgan edi.

Lekin Rossiya Ukrainani hamon gaz bilan ta’minlamayapti. Sabab, deydi Kreml rasmiylari, Ukraina qarzlarini uzmagan. Rossiya hisobicha Kiyev undan 2 milliard dollardan ortiq qarz.

Gazprom shuningdek Ukrainaga har ming kubometr gazni 450 dollardan sotmoqchi. Ukarina esa buning yarim narxiga ko’ngan xolos.

Amerika nazarida Rossiya yonilg'i zaxiralarini ro'kach qilib, xalqaro nufuzini oshirmoqchi

Rossiya Ukraina hududidan o’tgan quvurlar orqali Yevropaga gaz ta’minotini uzar ekan, AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, Kreml energetik boyliklaridan siyosiy qurol sifatida foydalanishda davom etmoqda.

Yevropa mamlakatlarining achchiq bir haqiqatga ko’zi ochilgan bo’lsa ajabmas, deydi yetakchi diplomatlar, Rossiya resurslariga tayanib bo’lmaydi. Energiya zaxiralarini G’arbga yetkazishning muqobil yo’llarini rivojlantirish kerak.

“Rossiyani neft jo’mragini burab, ta’minotni tiklashga majburlab bo’lmaydi”, - deydi AQSh Davlat kotibi muovini Deyvid Merkel.

“Qo’shma Shtatlar Yevropadagi ittifoqchilarini necha yillardan buyon yangi quvurlar haqida o’ylash kerak, tobe’lik yaxshilikka olib kelmaydi, deb ogohlantirib kelgan. Ayniqsa, resurslaridan siyosiy qurol sifatida foydalanishga tayyor Rossiyaga tobe’lik”, - deydi Merkel.

Bush ma’muriyati Ukrainani ham ishonchli hamkor ekanini isbotlashga chaqirmoqda. Ehtimol, deydi kuzatuvchilar, Ukraina Yevropaga mo’ljallangan tabiiy gazning bir qismini o’g’irlayotgani haqidagi ayblovlarda jon bor. Yevropa Rossiyadan xarid qiluvchi gazning 80 foizi shu mamlakat orqali o’tadi.

AQSh Rossiyaga chegaradosh davlatlarni quvvatlashda davom etyapti. O’tgan hafta AQSh Ukraina ketidan Gruziya bilan ham strategik hamkorlik to’g’risida bitim imzoladi.

Hujjat, deydi rasmiylar, Gruziyaning NATOga a’zoligi tomon qo’yilgan yana bir qadam va iqtisodiyot, siyosat hamda xavfsizlik sohalarini qamrab oladi.

“Bitim Rossiyaga qarshi qaratilmagan. Gruziyada AQSh harbiy bazalarini joylashtirish haqida ham gap ketmayapti”, - deya qayd etadi rasmiylar.

Rossiya Ukrainaga va buning oqibatida Yevropaga gaz ta’minoti uzilishini iqtisodiy sabablar bilan izohlaydi. Ammo siyosatdonlar nazarida, bu aslida Ukrainaning G’arbga moyil prezidenti Viktor Yushenkoga qarshi siyosiy kampaniyadir.

Rossiyaning NATOdagi elchisi Dmitriy Rogozin deydiki, “Yevropa gaz va neft muntazam kelib turishini istasa, ittifoqchisi Yushenkoga ishonib o’tirishdan foyda yo’qligini bilsin”.

“Bosh vazir Vladimir Putin, shubhasiz, Yevropaning Rossiya energetik zaxiralariga tobe’ligidan foydalanib, imperialistik va G’arbga qarshi siyosat yuritmoqda. Kremlga munosib javob - muqobil energiya manbalarini qidirish hamda Rossiya bosim o’tkazayotgan davlatlarni quvvatlashdan iborat”, - deya xulosa qiladi “Washington Post” tahririy maqolasi.

Qo’shma Shtatlar Yevropadagi yadroviy bomba va qanotli raketalar arsenalini joyida qoldirishi va hatto zaxirani yangilashi lozim. Yevroatlantik sheriklik NATO birligini ta’minlovchi omil, deyiladi AQSh Mudofaa vazirligi hisobotida.

Ma’lumotlarga ko’ra, NATO a’zolari - Germaniya, Italiya, Turkiya va Britaniyada joylashgan harbiy bazalarda AQShning 400 ga yaqin B-61 rusumidagi yadro bombalari saqlanadi.

Yangi prezident Barak Obama bora-bora barcha turdagi yadro qurollaridan voz kechish tarafdori, ammo boshqa davlatlar ham bu talabga ko’nishi sharti bilan.

XS
SM
MD
LG