Muhojir ota-onalar: bolani o'qitish har yerda katta pul


Hozir Qo’shma Shtatlarda taxminan 38 million muhojir yashaydi. Kimdir grin karta orqali, kimdir mutaxassis yoki student bo’lib kelib shu yerda qolib ketgan. Ba’zilari noqonuniy muhojirlar.

AQShga kelib o’rnashib, ish topib, bu jamiyatga o’rganayotgan oilalar uchun bola tarbiyasi va ta’limi shubhasiz eng muhim masalalardan biri.

Gruziyalik Salome Oragvelidze 17 yildan beri AQShda istiqomat qiladi. Shu yerda maktabga borgan. 2 yoshli farzandi bor.

“AQShdagi sinfdoshlarim avvaliga menga sovuq munosabatda edi. Balki tilni uncha yaxshi bilmaganim, madaniyatim boshqa bo’lgani uchundir. Lekin oradan sal o’tib, ularni yaqinroq tanigach, ingliz tilini o’rgangach, o’zimni erkin his qila boshladim. Ular ham meni qabul qilishdi. Farzandimga kelsak, uni Gzuziyadagi maktabda o’qishini xohlayman. Millati, madaniyatini yaqindan bilsin”.

Mutaxassislarning aytishicha, bola qancha yosh bo’lsa, Amerikadagi hayotga shuncha tez kirishib ketadi va ingliz tilini ham tez o’rganadi.

Lekin ona tili, madaniyatini unutib qo’yishi mumkin.

Ozarbayjonlik Mansura Mamedova grin karta (Green Card), Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi Grin Karta lotoreya dasturi orqali o’tgan yili oilasi bilan Amerikaga ko’chib kelgan. Farzandi Virjiniya shtatidagi Oukton maktabida 4-sinfda o’qiydi.

“O’zim ingliz tili o’qituvchisiman. Lekin oilada faqat ozarbayjon tilida gapiramiz. Farzandlar ona tilini unutmasin deb. To’g’ri, bola kunning yarmini maktabda o’tkazadi, uning fe’li, yurish-turishi o’zgara boshlagan. Agar to’rt devorga qamab qo’ysam, odamlarga qo’shilmay qolishi mumkin. Darsdan, tengdoshlaridan ajralib qoladi. Menimcha, agar oilada til va urf-odatlar qadrlansa, bu bolaga ham o’tadi”.

8 yildan beri Qo’shma Shtatlarda yashayotgan o’zbekistonlik ota farzandini dastlab davlatga qarashli maktabga bergan. Virjiniya shtati, Fairfax tumanidagi bu maktab juda obro’li dargoh edi, deydi u.

“Biroq yurish-turish, tartib, madaniyati bizga to’g’ri kelmagani uchun shu atrofdagi xususiy turk maktabiga berdim. Bu yerda O’rta Osiyo xalqlari tarixi, til, ota-onaga hurmat, tarbiya haqida darslar bor. Fanlarni o’qitish usuli ham Virjiniya shtati o’quv talablariga javob beradi”.

Ozarbayjonlik Mansura Mamedovaning aytishicha, maktabni tanlashda do’stlar, qarindoshlar yordam bergan.

“Virjiniya shtatidagi Oukton boshlang’ich maktabini tavsiya qilishdi, ochig’i, afsuslanganim yo’q. Avvaliga bolam hayajonlandi, lekin hozir maktabga xohlab boradi, ta’til paytida sog’inadi. Biz Sovet maktablarida o’qiganmiz, odam og’izni ocha olmasdi, ortiqcha harakat qilib ko’ring! Bu yerda esa munosabat boshqa. Bola maktabdan yuzida tabassum bilan qaytadi. Shuning o’zi katta gap”.

Qo’shma Shtatlarda uzoq yil yashab, bu yerning tosh-tarozini o’rgangan o’zbekistonlik ota farzandini xususiy maktabga berganiga achinmaydi. Albatta xususiy maktablarda narx-navo baland.

“Atrofingizda xususiy maktablar bo’lsa, ularga murojaat qiling. Imtiyoz, stipendiya beradigan har xil fondlar bor u yerda. Bola haqiqatda iqtidorli bo’lsa, bu maktablarda uni qabul qilish niyati bo’ladi. Umuman, xususiy maktab ham uncha qimmat emas. Biz oyiga 600-700 dollar to’lab o’qitamiz. O’rtacha hisobda 1000 dollar sarflashingiz kerak. Endi farzandga sarflagan pulingiz bu investitsiya. Bolani qanday voyaga yetkazsangiz, shunaqa meva olasiz”.
XS
SM
MD
LG