Obama Avraam Linkolndan qolgan Injil bilan qasamyod qiladi


AQShning yangi saylangan prezidenti Barak Obama 20 yanvar kuni mamlakatning 44-prezidenti sifatida qasamyod keltiradi.

Obama qo’lini Qo’shma Shtatlarning 16-prezidenti Avraam Linkolndan qolgan Injilga qo’yib, yurtiga va burchiga sodiq xizmat qilishga ond ichadi.

Ko’pchilik aholisi nasroniylardan iborat AQShda rahbarlarning Injil oldida qasam ichishi yangilik emas, ammo Obamaning aynan Linkoln o’qigan kitobni tanlashi katta qiziqish uyg’otmoqda. Ushbu kitob Kongress kutubxonasida saqlanadi.

"Xalq saylagan, xalq yuritadigan va xalq uchun xizmat qiladigan hukumat hamisha barhayotdir... "

Barak Obamaning ushbu gaplari AQShning 16-prezidenti Avraam Linkolnning mashhur nutqidan olingan.

Linkoln AQShni 1861-65 yillarda boshqargan va qulchilikka qarshi kurashgan rahbar sifatida tarixga kirgan.

Linkolnga tegishli bo’lgan Injil nusxasi bugun Vashingtonda, Kongress qoshidagi kutubxonada saqlanadi. Kutubxonachi Klark Ivans bu bebaho meros deydi.

Mazkur injil 1861 yilda Linkoln qasamyodi uchun Oliy Sud xizmatchisi tomonidan xarid qilingan. Undagi sud muhri ana shuni ifoda etadi. Ivansga ko’ra, bu noyob kitob kamdan kam hollarda omma e’tiboriga havola etiladi.

"Obama inaguratsiyasining yana bir qiziq tomoni shundaki, bu yil Linkoln tavalludiga 2 asr to’ladi", - deydi Klark Ivans.

Linkolnning Injiliga shu kungacha biror boshqa prezidentning qo’li tegmagan. Oradan 150 yil otib, Barak Obama ana shu sharafga muyassar bo’ladi.

XS
SM
MD
LG