Tinchlik va iqtisod - yilning eng dolzarb masalalari


Global maydondagi siyosiy holatni tahlil qiluvchi Yevrosiyo Guruhi degan tashkilot rahbari Yan Bremmer fikricha 2009 yilda jahon ahli boshqa ko'plab muammolar qatorida 10 muhim jumboq bilan yuzlashadi.

1. Iqtisodiy tanazzul va uning oqibatlari

2. Janubiy Osiyo, jumladan Afg'onistonda Tolibonga qarshi kurash pand berayotgani, Pokistonning terror o'chog'i bo'lib qolayotgani, u va Hindiston orasidagi kelishmovchiliklar

3. Yaqin Sharqdagi nizolar, xususan Eron va Isroil orasida dushmanlikning kuchayishi;

4. Rossiya siyosati va uning qo'shni davlatlarga ta'siri

5. Iroqdagi qaltis vaziyat

6. Venesuelada avtoritar va AQShga qarshi hokimiyatning nufuzi oshayotgani

7. Meksikada qoradori savdosining kengayib borayotgani

8. Ukrainada hukumatning tarqoq va zaif bir holda qolayotgani

9. Turkiyada dunyoviy va diniy tuzumni yoqlayotganlar orasida kurash avj olayotgani

10. Afrikadagi siyosiy parokandalik

Yan Bremmerning tahlil qilishicha Rossiya xalqaro maydonda "to'polonchi davlat" sifatida gavdalanmoqda.

Energetik qudratini ochiqchasiga siyosiy qurol sifatida ishlatayotgan Rossiya, deydi tahlilchi, o'z manfaatlari yo'lida hech narsadan hayiqmasligini eslatmoqda. Lekin bu yil, deydi olim, Rossiya o'tgan yildagidek harbiy harakatlarga berilmasligi mumkin.

Ukraina bilan qanchalik o'chakishmasin, deya mushohada qiladi Bremmer, Rossiya bu davlatda katta iqtisodiy manfaatga ega va Bosh vazir Vladimir Putin millionlab ruslar yashovchi bu mamlakatga qarshi qurol ishlatishgacha bormaydi.

Ko'pchilik siyosatshunoslar nazarida Rossiya jamiyatida millatchilik ruhi baland ekan, buning oqibatlari uning qo'shni xalqlar bilan aloqalariga rahna sola boshlaydi.

Yan Bremmer ham bu fikrga qo'shiladi va amerikalik yurtdoshlariga "Rossiyada bugun anti-amerikanizm kayfiyati osmonda" deya eslatmoqda.

Uning taxminicha Barak Obama ma'muriyati Rossiya va sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi boshqa davlatlarda demokratik islohotlar targ'ibotini kuchaytirishi mumkin. Bu esa AQSh va Rossiya hukumatini bir-biridan yanada uzoqlashtirishi tayin, deydi Bremmer.

Yevrosiyo Guruhi rahbari fikricha Rossiya bilan til topishish xalqaro sahnadagi ko'plab muammolar yechimiga yetaklashi mumkin. Rossiya buni biladi va shu bois ham o'z talablari bilan chiqmoqda, deydi Bremmer.

U singari siyosatdonlar Eron, Isroil-Falastin, Iroq va Afg'onistondagi jumboqlarni hal etish uchun Kreml bilan hamkorlik qilish zarurligini ta'kidlab keladi. Rossiya, deydi ular, xalqaro kuchlar tarozisining bir tomonini egallashga urinmoqda. Putin va Medvedev tarozining ikkinchi tomonidagi Amerikani gegemon siyosatda ayblab keladi.

Vashingtonda iqtisodiy masalalar bo'yicha maslahatchi Aleksandr Mirtchev fikricha esa jahonda kim qanday qudratga ega bo'lishini hozirgi moliyaviy tanazzul oqibatlari ko'rsatib beradi.

"Tanazzul sabablari yoki yechimi bir davlat qo'lida emas. Undan o'zini tiklab olgan mamlakatlar", - deydi Mitchev, "dunyo kelajagini hal qiluvchi o'ringa ega bo'ladi".

Siyosiy taxminlar o'z yo'liga. Markaziy Osiyodagi ahvol bilan yaqindan tanish sharhlovchilar nazarida bugun mintaqa xalqlari uchun eng dolzarb masala – iqtisod. Oilasiga boqishga qiynalayotgan odamlar uchun tashqi dunyodagi voqealar, hatto qo'shni mamlakatdagi xunrezlig-u urushlar, hatto huquq va erkinlik masalasi ham ikkilamchi narsa, deydi mutaxassislar.

Aleksandr Mirtchev fikricha Markaziy Osiyoning qayeriga bormang, sarmoyaga muhtojlikni sezasiz. "Mintaqada taraqqiyot bo'lsin desak, unga ko'makni oshirish lozim",- deydi Mitchev.

"Markaziy Osiyo strategik hududda joylashgan. Lekin bu xalqlar Rossiya, Xitoy va AQSh orasida sarson bo'lmoqchi emas. Ularga yordam bermoqchi bo'lsangiz",- deydi Mirtchev, "Qozog'iston, O'zbekiston va Turkmaniston kabi tabiiy jihatdan boy bu mamlakatlarni bir tomonni tanlashga majbur qilmang".

"Mintaqadagi vaziyat va mentalitetga qarab konstruktiv muloqot olib borish. Markaziy Osiyo rahbarlari ham o'z navbatida iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot ular manfaatida ekanini tushunib, islohotlarga zo'r bersin, xalq farovonligi uchun xizmat qilishni o'ylasin",- deydi Mirtchev.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG