BMT G'azoda urushni bas qilishni talab qilmoqda


Hozirda G’azoning markaziy qismlarida harakat qilayotgan Isroil harbiylari sektor poytaxtini bombardimon qilishda davom etmoqda.

Urushda bugungacha 900 dan oshiq falastinlik, 13 isroillik halok bo’lgan.

Isroilning Iordanya chegarasidagi harbiy punktiga hamla qilingan.

Iordanya rasmiylari xuruj haqidagi xabarlarni rad etmoqda. Isroil va Iordanya 1994 yilda tinchlik bitimi imzolagan.

Insonparvarlik tashkilotlari G’azo aholisiga yordam ko’rsatishga urinmoqda. G’azoda bugun zulmatda kun kechirmoqda. Elektr energiya tarmoqlari vayron bo’lgan; suv va oziq-ovqat taqchil.

BMT, Yevropa Ittifoqi, AQSh va Rossiyadan iborat Yaqin Sharq to’rtligi rahbari Toni Bleyer Qohirada sulh ustida muzokaralar olib bormoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroil va Xamasni urushni tugatishga chaqirmoqda.

Xavfsizlik Kengashining bu boradagi talabiga na Isroil va na Xamas amal qilmoqda. Pan Gi Mun Isroil, Iordaniya, Falastin, Livan, Suriya, Turkiya va Quvaytga safar qilib, hammani tinchlik bitimi imzolanishi uchun harakat qilishga undamoqda.

Maqsad diplomatik tashabbuslarni ildamlashtirish va urush jabrdiydalariga insonparvarlik yordami ko’rsatish, deydi BMT bosh kotibi.

BMT G’azodagi faoliyatini jadallashtirmoqda. Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi ham G’azoda uy-joyidan judo bo’lgan 23 ming falastinlikni boshpana bilan ta’minlashga urinmoqda. Bugun sektor aholisining uchdan bir qismi ichimlik suvidan mahrum.

BMT Isroildan hujumlarni har kuni faqat uch soat emas, uzoqroq vaqtga to’xtatib, aholi holidan xabar olish uchun ko’proq fursat ajratishni talab qilmoqda.

XS
SM
MD
LG