Obama Al-Qoida yanchiladi desa, guruh uni kofir demoqda


Barak Obama AQShning Afg’onistondagi ishlari bilan izchil tanishib, tahlil qilib, bu davlatga nisbatan siyosatni yangilashi kutilmoqda.

Obama Afg’onistondagi qo’shin sonini 60 mingga yetkazib, asosiy diqqatni xavfsizlik va qayta qurish ishlariga qaratmoqchi.

Bush ma’muriyati Afg’onistonda zamonaviy demokratik jamiyat qurish hozircha juda qiyin ekanini tan olgan. Obama bu borada fikr bildirmagan.

Al-Qoida yetakchilari Internetdagi bayonotlarida Obamani islom dushmani deb atagan va uning prezidentlikka saylanishini qoralagan.

Obama uchun Afg’oniston va Pokiston orasidagi tog’li hududda joylashib olgan jangari guruhlarga qarshi kurash oson kechmaydi.

Amerikadagi hujumlardan va terrorga qarshi urush boshlanganidan yetti yil o'tib ham Al-Qoida hamon faol, deydi tahlilchilar.

Guruh jahon diqqat markazidan uzoqlashmoqchi emas.

Nima qilib bo’lsa-da, deydi mutaxassislar, terror tizimi hamon ishlayotgani ma’lum.

Barak Obama Al-Qoidani yanchish “davlatimiz oldidagi eng ulkan maqsadlardan biri”, - deydi.

"Al-Qoidaga bosimni pasaytira olmaymiz. Ularni nishonga olish kerak. Men saylov davrida ham bu haqda ko’p gapirganman”.

AQSh va NATO kuchlari Afg’onistonda Al-Qoida tarafdorlari va Tolibonga qarshi jang qilmoqda. Al-Qoida, deydi tahlilchilar, asosan mafkuraviy kurashga o’tgan. Maqsad islom dunyosini G’arbga qarshi qayrash.

Al-Qoida hamon dunyoda xalifalik tuzish haqida gapirmoqda – Ispaniyadan Indoneziyagacha.

Al-Qoida maqsadlari ustida izlangan va bu haqda kitob yozgan Jerrold Postning aytishicha, tashkilot kuchli strategiyaga ega va psixologik taktikalarni ishga solmoqda.

"Ko’zga ko’rinmaydigan bu tashkilot odamlar ongini zaharlayapti. Bunga qarshi chora ko’rish oson emas. Bomba va raketa bilan ish bitmaydi. Bitta terrorchini o’ldirsangiz o’rniga 10 tasi qatorlashib turibdi. Al-Qoida terrorist yetishtiruvchi tizim".

Al-Qoidani to'rt-bosqichli usul bilan yengish mumkin deydi Jerrold Post.

"Avvalo terrorchilarning ko’payishiga yo’l qo’ymaslik. Al-Qoidada tarqoqlik mavjud, demak, uni parchalash mumkin. A’zolarni undan chiqishga undash. Al-Qoidaning moliyaviy tayanchlariga bolta urish, yetakchilarni yakkalash".

Iroqda, deydi ayrim tahlilchilar, shu kabi strategiya ancha ish bergan. Al-Qoida katta zarba yegan. O’tgan ikki yil ichida uning Iroqdagi faoliyati zaiflashgan. Guruh faoliyatini kuzatgan David Gartenshteyn deydiki:

“O’tgan 2 yil mobaynida Al-Qoida ko’plab a’zolari va vositalaridan ayrildi. Buning sababi oddiy - aholi ularga qarshi bosh ko’tardi. Terrorga qarshi jamoatchilik harakati avj oldi. Al-Qoidaning ashaddiy tarafdori bo’lgan odamlar ulardan yuz o’gira boshladi, chunki ular guruhning kimligini biladi.

Eskpertlar fikricha Obamaning saylanishi Al-Qoida uchun shumxabar.

Al-Qoida yetakchilaridan Ayman al-Zavohiriy Obama kofir deb chiqmoqda. Bu haqorat bilan, deydi tahlilchilar, Al-Qoida musulmon dunyosida Obamaga qarshi nafrat uyg’otmoqchi. Chunki Obama dunyoning bu qismlarida iliq qabul qilinmoqda va Amerika nufuzini tiklashi mumkin.

Al-Qoida buni xavf deb biladi. Obama shu bois ham musulmonlar ko’ngliga yo’l topishi kerak, deydi Gartenshteyn.

Obamaning Bushdan ustun jihatlaridan biri shuki u so’zga chechan, aloqaga usta.

Musulmon dunyosida ko’pchilik Obama haqida ijobiy fikrda, deydi tadqiqotchi Jerrold Post.

“Obama islom sha’nini terrorchilardan himoya qilayotgan odamlarni quvvatlashi kerak”.

Fundamentalizmni yengish uchun, uni olg’a surayotgan va unga ergashayotgan odamlar ongiga ta’sir qila bilish kerak. AQSh psixologik hamla usullari ustida bosh qotirmoqda, deydi mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG