Amerika Gruziya bilan strategik hamkorlik bitimi imzolagan


Yaqinda Vashingtonda uchrashgan AQSh va Gruziya rasmiylari yangi hamkorlik xartiyasini imzolagan. Navbatdagi lavha AQSh hukumatining ushbu masalaga munosabatini aks ettiradi.

Strategik hamkorlik borasidagi xartiyani AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays va gurjistonlik hamkasbi Grigol Vashadze imzoladi. Hujjat ikki mamlakat o’rtasidagi aloqalar, jumladan mudofaa, savdo-sotiq, energetik xavfsizlik, demokratik muassasalarni qo’llab-quvvatlash, xalqaro almashinuv dasturlari hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

“Strategik Hamkorlik xartiyasi” Gruziyaning NATOga a’zo bo’lishi uchun muhim xavfsizlik va demokratik islohotlarni amalga oshirishni ham nazarda tutadi.

“AQSh”, deydi Rays xonim, “Gurjiston suvereniteti va hududiy yaxlitligi, hamda Yevro-atlantik tashkilotlarga kirish istagini qo’llab-quvvatlaydi”. NATO tashkilotiga kirish uchun Gruziyada xohish bilan bir qatorda, siyosiy sharoit va harbiy salohiyati NATO me’yorlariga mos bo’lishi kerak.

Gurjiston Tashqi ishlar vaziri Grigol Vashadze fikricha ham strategik hamkorlikka doir hujjat ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash uchun zamin hozirlaydi. Uning ta’biri bilan aytganda, “Gurjiston G’arbga, taraqqiy etgan davlatlar safiga qo’shilmoqda”.

Shu bilan birga, deydi Gruziya vaziri, hujjat Tibilisi hukumatini demokratik, ochiq va erkin jamiyat qurish va’dalarini bajarishga undaydi. Matbuot erkinligini kafolatlash, sud tizimi islohoti, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini e’zozlash hamda poraxo’rlik va yulg’ichlikka qarsi kurash - ana shu majburiyatlar doirasida.

Savdo-sotiq iqtisodiy taraqqiyot kaliti. Xartiya asosida AQSh Gurjistonda bozor islohotini amalga oshirish, buzines imkoniyatlarini kengaytirish va tadbirkorlik uchun sharoit yaratishda ham ko’maklashmoqchi.

AQSh-Gruziya hamkorlik bitimi, deydi davlat kotibasi Rays, xavfsizlik, demokratiya va farovonlik tomon mushtarak g’oyalarni ro’yobga chiqarishda yordamlashadi.

XS
SM
MD
LG