Madaniyatlar to'qnashuvi - oddiy nazariyami yoki haqiqat?


Yaqinda 81 yoshida olamdan o'tgan amerikalik olim Samuel Xantington (Samuel Huntington) dunyo taqdirini madaniyatlar to'qnashuvi va unda ustun kelgan tomonlar hal etadi deya bashorat qilgan edi.

Xantington G`arb va Sharq o'rtasida ziddiyat va xalqaro terrorizm avj olishi mumkin deya bayon qilgan.

Ba'zi tahlilchilar nazarida turli jamiyatlarda erkinlik cheklanib sivilizatsiyalar o'rtasidagi qarama-qarshiliklar kuchayib borar ekan, Xantingtonning taxminlari isbotini topmoqda.

Isroil-Falastin urushi dunyo jamoatchiligini befarq qoldirmadi. Uni yanada qutblashtirdi. G`arb yetakchilari Isroilning o'zini-o'zi himoya qilish huquqini qo'llab-quvvatlasa, Sharq dunyosi yahudiy davlatini bosqinchilikda ayblaydi. Qutblashish diniy va geosiyosiy manfaatlarga asoslanmoqda.

Xantington tadqiqotida Isroil-Falastim mojarosi madaniyatlar to`qnashuvi alangalanishi mumkin bo`lgan nuqtalardan biri sanaladi. Hozirgi vaziyat marhum olim nazarda tutgan to`qnashuvlarning tezlashayotganidan darak bermoqda. Sharq noroziligi nafaqat Isroil, balki AQShga ham qaratilgan.

Siyosiy fanlar doktori Farhod Tolipov Samuel Xantington ilmiy rahbarlik qilgan Garvard Universitetida ishlagan va olim nazariyasi bilan yaqindan tanish.

"Xantington buyuk olim. Amerika siyosatshunoslari orasida uni bu fanning otaxoni deb atasa ham mubolag'a bo`lmaydi. U rivojlanayotgan davlatlar haqida ham asarlar yozgan. Lekin dunyoda keskin bahs-munozaralarga sabab bo`lgan asosiy asari "Sivilizatsiyalar to`qnashuvi"dir. Bu asarda u XXI asr sivilizatsiyalar to`qnashuvi asri bo`ladi deb bashorat qiladi",- deydi Tolipov.

Farhod Tolipovga ko`ra olim o'z tadqiqotlarida islom dunyosi va G`arb o`rtasidagi to`qnashuvlarga xolis yondashgan.

"Xantington islom dunyosini yuqori baholagan. Islom dunyosida buyuk kashfiyotlar qilingani, madaniy jihatdan yuksak darajaga ko`tarilgani va dinning Yevropaga katta ta`sir qilgani haqida yozgan. Shu bilan birga musulmonlar boshqalarga qaraganda tez sur'atlarda o`sayotgani, dinning keng tarqalayotganini ta`kidlaydi. Bu jarayon boshqa xalqlarda qarshilik uyg`otishi, ziddiyatlar keltirishi mumkin deb hisoblaydi",- deydi Farhod Tolipov.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov Xantington kelajakda kutilayotgan global siyosiy jarayonlarni tahlil etishga harakat qilgan tadqiqotchi deydi.

"Olim dinlar o`rtasida nizo chiqishi mumkinligi haqida ogohlantiryapti deyish mumkin. Lekin men bugun dinlar o`rtasidagi nizo u qadar kuchli deb hisoblamayman. Bugun ko`proq suv va energiya, zahiralar uchun kurash ketmoqda", - deydi Soyibnazarov.

Samuel Xantington dunyo kelajagini madaniyatga bog'laydi. AQSh va Yevropa gegemoniyasi protestantizm madaniyatining cho'qqisi hisoblansa, bashorat qilinayotgan madaniyatlar to`qnashuvidan so`ng dunyodagi geosiyosiy markaz G`arbdan Sharqiy Osiyo tomon ko`chadi deb yozadi.

Olim tadqiqotlari keskin tanqidga ham uchragan, biroq AQShda 2001 yilning 11 sentyabrida ro'y bergan terror xurujlari ketidan Xantington nazariyasiga qiziqis yanada kuchaygan.

XS
SM
MD
LG