Amerikada o'tish davri - Jorj Bushdan Barak Obamaga


Barak Obama prezidentlikka kirishar ekan, dunyo yanada notinch. Yaqin Sharqda urush, Iroqda vaziyat hamon qaltis, Afg'onistonda Tolibon ortga chekinmayapti, Pokiston hamon terror o'chog'i.

Jorj Bush davrida bu davlat, maqsad qilganidek, Eron va Shimoliy Koreyaning atom dasturlariga barham bera olgani yo'q.

Aksariyat amerikaliklar uchun eng muhim masalalar bu xavfsizlik va iqtisod bo'lib qolmoqda.

Barak Obama vatanini xavfdan himoya qilish uchun, kerak bo'lsa, dushman bilan ham yuzlashishga tayyor.

"Bu dunyoni barbod qilmoqchi bo'lsangiz, biz sizni yengishga qodirmiz. Tinchlik va xavfsizlik tarafdori bo'lsangiz, biz sizga do'stmiz",- degan edi Obama prezidentlikka saylovga kuni, xalqaro hamjamiyatga qarata.

Bush ma'muriyati a'zolarining aytishicha ular Obama va uning maslakdoshlariga mudofaa, razvedka va diplomatik ishlar haqida izchil hisobot bergan. Xususan Amerika yetakchilik qilayotgan tashabbuslar, reja va takliflar, imkoniyat va vositalar haqida yangi rahbariyatga bafurja ma'lumot beriladi va berilmoqda, deydi Oq Uy rasmiylari.

"Davlat urush olib borayotgan paytda hukumat o'zgarishi o'ziga xos xavotir uyg'otadi",- deydi Bushning xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Stiven Xedli.

"Yangi rahbar va uning qo'lida ishlaydigan odamlarni hozir nima qilayotganimiz, qanday ishlarni amalga oshirayotganimiz, shart-sharoit bilan tanishtirishimiz talab qilinadi. Ularga ayni damda AQSh yuzlashayotgan masalalar, eng avvalo diqqatni qayerga qaratish kerakligi haqida aytayapmiz".

O'tish davrida, deydi xavfsizlik bo'yicha mutaxassis Antoni Kordesman, eski ma'muriyat yangisiga maslahat berishga harakat qiladi.

"Muddati bitgan rahbarlar ular boshlagan siyosat davom etishini istaydi. Shu bois yangi rasmiylarga qator takliflar bilan murojaat qiladi. Siyosiy o'yinlarga guvoh bo'lasiz",- deydi tahlilchi.

Yangi ma'muriyat shakllanishda davom etarkan, bu maslahatlarni tinglaydi albatta. Lekin vakolatni egallagach o'z bilganidan qolmaydi.

Barak Obama saylov kampaniyasida prezident Bushning siyosatini keskin tanqid ostiga olgan edi, ayniqsa uning xavfsizlikka doir qarorlarini.

Bush ham Jon Makkeynni Obamadan ustun qo'yib, uning layoqatli prezident bo'lishini shubha ostiga olgan.

Lekin xalq rahbarlikka Makkeynni emas, Obamani loyiq topdi.

Bush haqiqatga bosh egib, uning o'rniga keladigan prezident bilan yaqindan muloqot qilmoqda. Shuningdek Bush qator muhim ishlarni bitira olmaganini tan olib, Obamaga ulkan muvaffaqiyatlar tilamoqda.

Demokratlar o'tish davri silliq kechayotganidan mamnun. Sobiq prezident Bill Klinton qo'lida ishlagan Tomas Maklarti fikricha tizimning naqadar mustahkam ekani mana shunday nozik jarayon - o'tish davrida sinovdan o'tadi.

"Davlatchiligimiz negizi mahkam ekaniga guvohmiz. Jarayon professional ravishda kechmoqda",- deydi Maklarti.

Eng muhimi ogohlik, ishchanlik va mas'uliyatni his eta olish, deydi keksa arboblar.

XS
SM
MD
LG