Breaking News

8 yillik prezidentlik ketidan Jorj Bush Texasga qaytmoqda


Amerikani 8 yil boshqarib endi qadrdon shtati Texasga yo’l olayotgan Jorj Bush “terrorni yengish va erkinlik uchun kurash oliy maqsad bo’lib qoladi”, - deydi.

“Mening siyosatim ko’p odamlarga yoqmaganini, nafaqat Amerikada, balki jahonning turli burchaklarida qarshilikka uchraganini bilaman”, - dedi Bush xayrlashuv nutqida.

Bush bundan 8 yil sakkiz yil avval Amerikaga odil siyosat, farovon hayot va’da qilgan. Sog’liqni saqlash va ta’lim tizimini mustahkamlab, amerikaliklarni qiynab kelayotgan masalalarga yechim topishga so’z bergan.

Biroq Bush prezidentligi ko’pchilik nazarida 11 sentyabr, terrorga qarshi urush, Iroq istilosi, Afg’onistonda Tolibon va Al-Qoidaga qarshi kurash va Guantanamodagi mahbuslar bilan yodda qoladi.

“Vaqtni qaytara olsam, albatta ko’p narsani o’zgartirgan bo’lardim. Ammo shuni bilingki, men doimo davlat manfaatlarini o’ylab ish tutganman. Qarorlarim uzoq muddatda o’z samarasini beradi”, - deydi Bush.

“20 yanvar inauguratsiya kunida birinchi qora tanli prezident Barak Obamaning Kapitoliy ostonasida turib qasamyod keltirishi tarixiy voqea bo’ladi”. Bushning Amerika xalqiga prezident sifatida so’nggi murojaati g’amgin ruhda kechdi. Oddiy hayotga qaytish oson emas, deydi Bush.

Oq uyni tark etayotgan 62 yoshli arbob Texasga qaytib, o’z prezidentligi bilan bog’liq ma’lumotlarni jamlovchi kutubxonaga asos soladi hamda siyosiy faoliyati haqida kitob yozishni rejalagan.

Jorj Bushning prezidentligi saylov natijalari bilan bog’liq tortishuvlardan boshlanib, urush va iqtisodiy tanazzul bilan yakunlanmoqda. Oliy Sud qarori bilan aniqlangan 2000 yilgi saylov g’olibi bir yil o’tib, 11 sentyabr xurujlari bilan yuzlashdi.

“Mening buyrug’imga ko’ra AQSh kuchlari Afg’onistonda al-Qoidaning terrorchilarni tayyorlash lagerlari va Tolibon hukumatining harbiy ob’yektlariga hujumni boshladi”,- deydi Bush.

Kelasi bir yil davomida esa ikkinchi urushni boshlash rejasi ham ishlab chiqiladi. Afg’onistondagi urushdan so’ng obro’si ko’tarilgan Bush Saddam Husaynni hokimiyatdan ag’darish maqsadida Iroqqa hujum qiladi.

“Bizga qarshi qaratilgan tahdid va do’q-po’pisalarning amalga oshishini kutmasdan, dadil harakat qilish kerak”, - degan edi prezident.

Bush davrida AQSh tashqi siyosati dushmanni masofada ushlab turishdan preventiv urushga, ya’ni hujum kutib o’tirmasdan zarba berishga o’zgaradi. Ammo Iroqda qurbonlar soni oshgan sari Bushning o’bro’si tusha boshlaydi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Antoni Kordsmen fikricha tarix Bush ma’muriyatini yaxshi nom bilan tilga olmaydi.

“Juda ko’p xatolarga yo’l qo’yildi. Ma’muriyat mafkuraga keragidan ortiqcha tayandi”, - deydi Kordsmen.

2005 yil avgustida Luiziana shtatini Katrina dovuli uradi. Hukumat bunday ofatga tayyor emas edi.

Texasdagi ranchosida dam olayotgan prezident Bush zudlik bilan Vashingtonga qaytayotib, samolyotining oynasidan ofat zonasini ko’zdan kechiradi.

Oradan ikki hafta o’tib Bush hamon suv bilan qoplangan Yangi Orlean shahridan turib xalqqa murojaat qiladi.

“Favqulodda holatda hukumat tez chora ko’rishi kerak. Amerikaliklar o’z hukumatidan dadil harakatni kutadi. Agar chora ko’rilmasa, muammoga ham, uning yechimiga ham prezident javob beradi”, - degan edi o’shanda Jorj Bush.

Oq uyni ko’p yillardan beri yoritib kelayogan amerikalik jurnalist Ken Uolsh fikricha xalq hukumatning dovulga javobidan norozi bo’lgan.

“Jamoatchilik, agar Qo’shma Shtatlar dunyodagi eng kuchli davlat bo’lsa, nega odamlarga yordam berilmayapti, nega odamlar kunlab stadionda, tomlarda qolib ketdi, degan savollarni bera boshladi va hukumatga bo’lgan ichonshi pasaydi”, - deydi Uolsh.

Hukumatning SPIDga qarshi kurash borasida erishgan yutuqlari Iroq urushi va Katrina dovuli tufayli Bush ma’muriyatidan bezib qolgan jamoatchilik diqqat markazidan chetda qoldi.

2003 yili Bush Afrika va boshqa hududlarda SPIDga qarshi kurash dasturini joriy etadi. Dasturdan 10 millionga yaqin kishi foyda ko’radi. Faxriy jurnalist Uolsh fikricha bu Bush prezidentligining eng yorqin damlari sifatida esda qolishi mumkin.

“VICH/SPIDga qarshi Afrikaga yordam dasturi muvaffaqiyatli bo’lib, unda prezident Bushning roli katta”,- deydi jurnalist.

Odatda hissiyotlarini oshkor etmaydigan prezident Oq uyda so'nggi nutqini so'zlarkan ancha g’amgin tuyuldi.

“Men va rafiqam Laura Texasdagi uyimizga qaytib, davlatimizga xizmat qilganimizdan faxrlanib, Oq Uyda o’tkazgan kunlarimizni eslab yashaymiz”,- deydi AQShning 43-prezidenti.

XS
SM
MD
LG